O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 iyul kuni hududlarda koronavirus bilan bog‘liq murakkab vaziyatni tartibga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda oxirgi besh kunda infeksiya yuqtirganlar soni 3 mingtaga ko‘payib, 21 ming 700 nafarga yetdi. Jumladan, Toshkent viloyatida 347 ta, Qashqadaryoda 193 ta, Surxondaryoda 130 ta, Samarqandda 123 ta, Sirdaryoda 83 ta, Andijonda 79 ta yangi kasallanganlar aniqlangan.

Buxoro, Farg‘ona, Samarqand, Namangan, Toshkent, Xorazm viloyatlarida va Qoraqalpog‘istonda pnevmoniya holatlari ancha ko‘paygan.

Respublika mxsus komissiyasiga joylardagi epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish va kasallarni davolashga amaliy yordam beradigan guruhlar tuzib, har bir hududga yuborish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Ushbu guruhlarga mutasaddi idoralar, ixtisoslashgan tibbiyot markazlari hamda tibbiyot oliy o‘quv yurtlari rahbar va mutaxassislari, shuningdek, nafaqadagi tajribali shifokorlar jalb etiladi. Bu hududlarda aholiga erta va aniq tashxis qo‘yish, bemorlarni kasallik darajasiga qarab to‘g‘ri va malakali davolashda muhim omil bo‘ladi.

Hokimliklarga koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonalar tashkil etish, intensiv va reanimatsiya o‘rinlarini ko‘paytirish, ularni zarur tibbiy jihozlar va dori-darmon bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Toshkent shahridagi tajriba asosida COVID-19 va pnevmoniya bilan kasallanganlarga dastlabki malakali tibbiy yordam ko‘rsatadigan «maxsus poliklinikalar» tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari og‘ir kasallar ahvolini yengillashtiradigan tibbiy uskunalar ta’minoti masalasiga alohida to‘xtaldi.

Qayd etilganidek, oxirgi ikki haftada qo‘shimcha ravishda 370 ta sun’iy nafas oldirish apparati, 1 ming 41 ta portativ nafas oldirish uskunasi, 1 ming 164 ta kislorod konsentratori va boshqa zarur tibbiy jihozlar olib kelinib, hududlarga tarqatildi. Kasallar ko‘payishi mumkinligini hisobga olib, Respublika maxsus komissiyasiga joylarga yana qo‘shimcha uskunalar yetkazish bo‘yicha topshiriq berildi.

Yangi tashkil etilgan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati oldiga virus zanjirini uzish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimi, hokimliklar bilan birgalikda bemorlarni sog‘aytirish va ulardan boshqalarga virus yuqishini kamaytirish ham eng muhim yo‘nalishdir.

Yig‘ilishda yosh bolalar, homilador ayollar, keksalar, nogironligi va surunkali kasalligi bo‘lgan fuqarolar salomatligi ustidan tizimli monitoring olib borish muhimligi belgilandi.

Karantin davrida biror bir ehtiyojmand oila e’tibordan chetda qolmasligi, kam ta’minlangan aholi qatlamiga moddiy yordam, oziq-ovqat va dori-darmonlarni manzilli yetkazib berish tizimi «soat»day aniq ishlashi kerakligi ta’kidlandi.

«Hozirgi sharoitda kasallarni davolashga ham, iqtisodiyotni ishlatishga ham majbur va mas’ulmiz. Shuning uchun aholi salomatligini saqlash, ayni paytda temir intizom bilan hamma ishlarni davom ettirishimiz kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hokimlar o‘z hududidagi real vaziyatdan kelib chiqib, aniq choralar ko‘rishi bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, 65 yoshdan oshganlar zarurat bo‘lmasa uydan chiqmasligi qoidalariga qat’iy rioya qilishning ahamiyati qayd etildi.

Videoselektor yig‘ilishida hokimlar va sektor rahbarlari qatnashganidan foydalanib, eksport va investitsiya masalalari, byudjet tushumlari prognozining bajarilishi, g‘o‘za parvarishi va ekinlarni sug‘orish ishlarining borishi ko‘rib chiqildi.