Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining o‘rinbosari Musa Yerniyazovning o‘limi to‘g‘risida yolg‘on ma’lumot tarqatganlik yuzasidan yana uchta bloger Nukus ichki ishlar bo‘limiga chaqirildi.

Avvalroq «Gazeta.uz» xabar berganidek, 26 iyulga o‘tar kechasi Qoraqalpog‘istonning Makan.uz, Kruz.uz va Kar24.uz tahririyatlarining bosh muharrirlari Repost.uz saytida chiqqan Musa Yerniyazovning o‘limi haqidagi xabarni qayta chop etgandan so‘ng (Kar24.uz yangilikni qayta nashr etmagan) prokuraturaga chaqirtirilgan edi. Repost.uz saytining xabar berishicha, yangiliklar «administrativ panelni buzish natijasida» paydo bo‘lgan. Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati senatorning o‘limi haqidagi ma’lumotlarni rad etdi.

Uch sayt rahbarlaridan birortasiga ham so‘roqqa chaqirilgani haqida noma berilmagan. Makan.uz sayti rahbari Lolagul Qallixanovani huquq-tartibot idoralari xodimlari uyidan olib ketishgan. Ikki jurnalistdan telefonlar va noutbuk tortib olingan.

«Gazeta.uz»ga ma’lum bo‘lishicha, yana uchta bloger so‘roqqa chaqirilgan. Ularning telefonlari va kompyuterlari ham musodara qilindi.

«Mendan nima uchun blog yuritishga litsenziya olmaganligimni so‘rashdi»


Sultanbek Ziyayev «Amerika ovozi» (VOA) jurnalisti Navbahor Imomova bilan.

Qoraqalpoq davlat universiteti qoraqalpoq filologiyasi va jurnalistika fakulteti 3-bosqich talabasi, Ziyaev Blogi ning muallifi Sultonbek Ziyayevning «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida aytishicha, 26 iyul kuni soat 18:00 dan keyin Qonliko‘l tuman ichki ishlar boshqarmasidan qo‘ng‘iroq qilib, kompyuter va telefonni olib bo‘limga kelishini so‘rashgan.

«Men kechqurun bormayman, dedim. Ular ertalab soat 7:30—8:00da yana qo‘ng‘iroq qilishdi. Nexia-3 rusumli avtomashinada Salamat Berdiyev ismli militsiya xodimi meni soat 9:30 larda Qonliko‘l tumanidan 80 km uzoqlikda joylashgan Nukus shahar ichki ishlar bo‘limining terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘limiga olib bordi. Chaqiruv nomasi bor-yo‘qligini so‘radim. Ular o‘sha yerda berishlarini aytishdi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Nukus shahar ichki ishlar bo‘limida bir ayol uning qo‘lidan telefonni tortib olgan.

«Ular telefonni talab qilishdi. Menda kompyuter yo‘q edi. Mening iltimosimga binoan shaxsni tasdiqlovchi guvohnomani faqat bitta xodimi taqdim etdi, ammo tergovchi va boshqa kiyimdagi ayol ko‘rsatishmadi. Bu ayol telefonimni qo‘llarimdan tortib oldi. Xiaomi Redmi S2 smartfonini tortib olishda protokol tuzish uchun ikkita guvoh olib kelindi, hujjatlar rasmiylashtirildi va konvertga solindi. SIM-karta ichida qoldi», — dedi blogger.

Sultonbek Ziyayevning ta’kidlashicha, undan Musa Yerniyazovning o‘limi haqidagi xabarni qayerdan olib qayta joylashtirganligi haqida so‘rashgan.

«Men Makan.uz saytidagi xabarni olib joylaganimni, so‘ngra [raddiya] Kun.uz ni xabarini yuborganimni aytdim va keyin barcha xabarlarni o‘chirib tashlaganimni aytdim. Ular blogerlar va jurnalistlarning barcha ma’lumotlari borligini aytishdi, ammo keyin ular boshqa mamlakatda bo‘lgan bloger Baxtiyor Qodirbergenov haqida, Qoraqalpog‘istonda qancha Telegram-kanallar va saytlar borligi haqida so‘rashni boshladilar. Men ularga ular haqida bilmayman, deb javob berdim, shuning uchun men hech qanday ma’lumot berolmayman» — dedi u.

Blog muallifi Ziyayev Blogidan, shuningdek, blog yuritishni olib borish uchun litsenziya talab qilingan.

«Mendan nima uchun blog yuritishga litsenziya olmaganligimni so‘rashdi. Men bu mening sevimli mashg‘ulotim dedim. Yanvar oyida vaqti-vaqti bilan u yerda yozish va jurnalistik mahoratini oshirish uchun kanalni ochgaman. Ammo ular mening gaplarimni eshitishmadi va baqirishdi: „Sen bizni tushunmayapsan, bizga litsenziya kerak“. Nazarimda, ular blog yuritish nimaligini tushunmaydi», — dedi Sultonbek Ziyayev.

Ketishdan oldin, bloger ular unga ko‘rsatishga va’da bergan chaqiruv qog‘ozini so‘ragan, ammo unga chaqiruv qog‘ozi yo‘qligini, chunki ular «og‘zaki topshiriq»ni bajarishayotganini aytishgan.

«Menga ushbu ishning qolgan tafsilotlari haqida keyinroq xabar qilinishini aytishdi. Meni Nukusga olib kelgan Qonliko‘l tuman IIB politsiya xodimi Salamat Berdiyev meni soat 13:00 larda uyga olib keldi», — dedi u.

«Hech qanday мажbuрлаш bo‘lmadi»


Amudaryo tumanida yashovchi bloger, Saidahmadov blogi muallifi Shuhrat Saidaxmadovning «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, 26 iyul kuni soat 18:00 larda uning uyiga tuman ichki ishlar boshqarmasining to‘rt xodimi kelib, chaqiruv qog‘ozini taqdim etmagan holda, darhol telefon va kompyuterini musodara qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u uyali aloqa vositasi va texnikani o‘z xohishiga ko‘ra topshirgan.

«Hech qanday majburlash bo‘lmadi. Nukusga bordik. Mendan Musa Yerniyazovning o‘limi haqida soxta xabar tarqatganmisiz deb so‘rashdi. Men bunday yangilikni tarqatmadim, men faqat jurnalist Alisher Ro‘zioxunov kanaliga tayanib, uning o‘limi haqidagi xabarlarga berilgan raddiyani e’lon qildim. Men hatto Repost.uz saytidan olingan skrinshotlarni ham nashr etmadim. Nazarimda, meni ushbu yangiliklar aslida qayerdan kelganligini bilish uchun chaqirishgan», — dedi u.

Shuhrat Saidaxmadov, shuningdek, Makan.uz, Kruz.uz va Kar24.uz bosh muharrirlarining prokuratura idoralariga chaqirilganligi haqidagi xabarlarni e’lon qilgan edi. Ular undan bu to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kayerdan olganligini so‘rashdi. Blogerning aytishicha, u Iskandar Yusupov bilan telefon orqali bog‘langan.

Musodara qilingan telefon Shuhrat Saidaxmadov tomonidan imzolangan konvertga joylashtirilgan.

«Noutbuk konvertga sig‘madi. Men uni sumkam bilan birga qoldirdim… Oxir-oqibat, soat 21:00 larda chiqdik. Men faqat o‘zimning qurilmalarimdan, mening ruxsatimsiz tekshirishlaridan, ba’zi ma’lumotlarni yuklab olishlaridan xavotirdaman. Bilaman, men bu yerda mutlaqo aybdor emasman va hech qanday qonunbuzarlik qilmadim», — deya ta’kidladi bloger.

"Ular ikkita telefon, noutbuk va statsionar kompyuterni tortib olishdi"

"Qaraqalpaq 24″ Telegram-kanali yurituvchisi Berdax Naurыzbayev ham ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan, shundan so‘ng uning mobil vositalari va texnikalari tortib olingan. «Gazeta.uz» blogerdan izoh ola olmadi, ammo vaziyat bilan tanish bo‘lgan manbaga ko‘ra, 26 iyun kuni soat 13:00 dan keyin fuqarolik formasida bo‘lgan 3 nafar huquq-tartibot idoralari xodimi blogerning uyiga ruxsatsiz kirib, o‘zlarini tanishtirmagan holda, ikkita telefonni, noutbuk va statsionar shaxsiy kompyuterni tortib olishgan.

Berdax Naurыzbayev avval Bo‘zotov tumani ichki ishlar bo‘limiga, keyin Nukus shahar ichki ishlar bo‘limiga olib borilgan va Musa Yerniyazovning o‘limi haqidagi xabarlarning tarqalishi haqida unga savollar berilgan.

Bloger uyiga soat 23:00 atrofida qaytib kelgan, unga texnikaning qachon qaytarilishi haqida aytilmagan.

«Jurnalistlarga qilingan har qanday bosim prezidentning ochiqlik siyosatiga mutlaqo ziddir»

Prezident huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov AOKA o‘z vakolati doirasida vaziyatni o‘rganganini va Bosh prokuraturaga va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga huquqni muhofaza qilish organlarining harakatlariga huquqiy baho berish uchun yozma so‘rov yuborganligini aytdi.

So‘rovda qayd etilishicha, huquq-tartibot idoralari xodimlari «Jurnalistning kasbiy faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida» gi qonunning 10-moddasi (jurnalistning kasbiy faoliyatining kafolatlari) va 14-moddasi (jurnalistning kasbiy faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik) va Jinoiy-protsessual kodeksining 88-moddasi (isbot qilish jarayonida fuqarolarning, korxona, muassasa va tashkilotlarning huquqlarini himoya qilish) talablarini buzgan. Shuningdek, ta’kidlanishicha, Jinoyat-protsessual kodeksining 97-moddasiga (so‘roqqa chaqirish) binoan, so‘roqqa chaqirilganda chaqiruv qog‘ozi yuborilishi kerak.

Shu bilan birga, Dilshod Saidjonov «Makan.uz, Kruz.uz va Repost.uz (xakerlar hujumi haqidagi xabar tekshirilmoqda) onlayn-ommaviy axborot vositalari e’lon qilingan ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirmasdan amaldagi qonunchilikka binoan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etganligini ta’kidladi. „Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida“ gi qonunning 7-moddasida ommaviy axborot vositalari tarqatilayotgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi uchun axborot manbai va muallifi bilan birgalikda javobgar ekanligi belgilangan. Shuning uchun agentlik ularga tegishli arizalarni yubordi».

Dilshod Saidjonov jurnalistlarga qilingan har qanday bosim O‘zbekiston Prezidentining ochiqlik siyosati va so‘z erkinligi sohasidagi islohotlarga zid ekanligini ta’kidladi. Bunday holatlar O‘zbekistonning xalqaro obro‘siga putur yetkazishi va davlat idoralariga nisbatan ishonchsizlik uyg‘onishiga olib kelishi mumkin, deydi AOKA rahbarining birinchi o‘rinbosari.

«Ham davlat idoralari, ham OAV va bloggerlar axborot qonunchiligiga rioya qilishlari shart. Tomonlar o‘rtasida kelib chiqadigan har qanday nizo amaldagi qonunchilik doirasida, shuningdek sud tizimiga ko‘ra hal qilinishi kerak», — dedi u.

Prokuratura


Qoraqalpog‘iston prokuraturasi o‘z bayonotida, jamoatchilik e’tiborida bo‘lgan har qanday shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamiyatda munozaraga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

«Ayniqsa, agar bunday ma’lumot uning hayoti yoki sog‘lig‘i bilan bog‘liq bo‘lsa, bu ko‘proq muhokamalarga olib keladi. Bu holat ushbu odamning oilasi, mehnat jamoasi va qarindoshlari uchun turli xil salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin», — deyiladi xabarda.

Prokuraturada xodimlar jurnalistlarga bosim o‘tkazmaganliklarini ta’kidlandi.

«Yolg‘on ma’lumotni kim tarqatganligini aniqlash uchun prokuratura va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari Makan.uz muharriri Lolagul Qallixanova, Kruz.uz muharriri Iskandar Yusupov va Kar24.uz muharriri Qumar Begniyazova bilan profilaktik suhbat o‘tkazdi. Profilaktik suhbat davomida prokuror ham, ichki ishlar idoralari xodimlari ham jurnalistlarga tazyiq o‘tkazishmadi», — deyiladi bayonotda.

Hozirda Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi Musa Yerniyazov haqida yolg‘on ma’lumotlarning tarqalishini tekshirmoqda.