28 iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 21506 nafarni tashkil etmoqda, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Unga ko‘ra, yangi kasallanish holatlarining 125 nafari Toshkent shahrida (ulardan 72 nafari tana harorati ko‘tarilganligi sababli profilaktika maqsadida hamda koronavirus bilan kasallangan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar, 53 nafari esa Qozog‘istondan «G‘ishtko‘prik» chegara posti orqali kelgan va O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan hamda namuna olingan fuqarolar orsida), 68 nafari Toshkent viloyatida, 32 nafari Buxoro viloyatida, 21 nafari Sirdaryo viloyatida, 18 nafari Namangan viloyatida, 11 nafari Navoiy viloyatida, 10 nafari Farg‘ona viloyatida, 9 nafari Andijon viloyatida hamda 3 nafari Қорақалпоғистонда koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Hozirda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan 9710 kishi davolanmoqda. Ulardan 215 nafari og‘ir, 81 nafari o‘ta og‘ir ahvolda, deya baholanmoqda.

Ayni paytda mamlakatda 11674 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sog‘aygan.

Bundan tashqari, shu vaqtga qadar COVID-19 asoratlaridan vafot etgan bemorlar soni 123 nafarga yetdi.

Navbatdagi bemor o‘limi Toshkent shahar Uchtepa tumanida yashagan 34 yoshli Sh. M. (ayol) bo‘lib, u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani ma’lum qilinadi.

Qayd etilishicha, bemorda 16−21 iyul kunlari shahar 9-son tug‘ruq kompleksida «27 haftalik 6-homiladorlik, 5-tug‘ruq, ikki tomonlama pnevmoniya, kamqonlik, nafas yetishmovchiligi» tashxisi bilan davolangan.

«Bemorda „COVID-19“ tasdiqlangach, shahar 3-son tug‘ruq kompleksiga o‘tkazilgan. Unga „COVID-19“ infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan», — deyiladi xabarda.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.