Farg‘ona viloyatining Quva tumanida joylashgan «Karkidon» suv ombori hududida turizm maqsadlarida investitsiya kiritish sharti bilan 5 gektar yer maydoni savdoga chiqarildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Yer uchastkalari Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 dekabrdagi ekoturizmni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq sotuvga chiqarilmoqda.

Suv ombori hududi 12 ta lotga ajratilgan. Bu yerda mehmonxona, motel, dam olish maskanlari, ko‘ngilochar ob’ektlar, restoran, suv sport ob’ektlari, plyaj zonasi va pirs qurilishi ko‘zda tutilgan. Majumaning umumiy qiymati 27,8 mlrd so‘mni tashkil etib, unda 100 nafarga yaqin ish o‘rinlari yaratiladi.

Auksionga qo‘yilgan uchastka hududi «Toshkent-O‘sh A-373» Farg‘ona-Andijon avtomagistrali 4R-112 yo‘lining Quva tuman markaziga 12,7 km masofasida va Farg‘ona shahridan 34,1 km masofada joylashgan.

Savdolarni 29 iyulda yakuniga yetkazish rejalashtirilmoqda.