O‘zbekistonda aholi orasida koronavirus tarqalayotgan holatda kuchli karantin choralarini qo‘llash o‘z ma’nosini yo‘qotmoqda. Bu haqda Milliy TV telekanalidagi Tez Yordam dasturida Defactum Laboratories klinikasi immunologik-infeksionist mutaxassisi, tibbiyot fanlari nomzodi Aziza Xo‘jayeva ma’lum qildi.

«Ha, karantin bo‘lishi kerak, ammo unchalik kuchli karantin emas, chunki uning asosiy g‘oyasi yo‘qotilgan. Dastlab karantin kasallikning tarqalishini to‘xtatish uchun joriy etilgan. Ammo hozir kasallik allaqachon populyatsiyaga kirgan, u aholi orasida tarqaldi. Kecha eshitdik, o‘tgan kun ham eshitdik va bugun ham eshityapmiz, bemorlar bilan muloqot qilyapmiz — bitta oilada bitta bemor emas, butun oila kasallanib, tuzalib ketishyapti. Shuning uchun, bu kasallikni bunday paytda to‘xtatib bo‘lmaydi», — dedi u.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, qattiq cheklovlarning mavjudligi aholining malakali tibbiy yordam olishiga to‘sqinlik qiladi.

«Bemorlar uchun sharoit yaratish kerak. Kimdir uyda davolanishi kerak, kimdir kasalxonaga yotqizish va kislorod bilan bog‘lanishga, alohida e’tiborga muhtoj. Hozirgi vaqtda aprel oyidagi kabi qat’iy karantinga ehtiyoj yo‘q. Bu bizga xalaqit beradi, chunki odamlar o‘zlariga yordam ololmay qolishadi. Masalan, odam kasallandi. Tahlil qilish uchun qon topshirishi kerakmi? Kerak. Shifokorga murojaat kerakmi? Kerak. Kompyuter tomografiyasi yoki rentgen qilish kerakmi? Kerak. Harakatlarib ko‘chaga chiqishi kerak. Mayli, agar vrachlar, hamshiralar maxsus forma kiygan holda uylariga borishsa, lekin hozirgi davrda shu yukniyam ularga yuklab qo‘ysak, ko‘tara olmaydi poliklinika xizmatilarimiz buni. Xususiy klinikalar mavjud. Bemorlar o‘zlari uchun eng oson yo‘lni tanlashadi», — dedi u.

Dastur boshlovchisi Komil Allamjonov bunga javoban, bu holatda kasalxonalarda og‘ir ahvoldagi bemorlar uchun joy qolmasligi mumkinligiga ishora qildi.

«Men buni epidemiologik nuqtai nazardan aytayaman. Umuman olganda, populyatsiyada kasallik tarqalishi past bo‘lganida, karantin o‘rinli bo‘lar edi. Ammo endi bemorlar soni ko‘paydi, har bir oilada bittadan yuqtirgan odam bor. Shuning uchun karantin o‘z ma’nosini yo‘qotdi», — dedi Aziza Xo‘jayeva.

Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, yengil yoki o‘rtacha ahvoldagi bemorlar uchun uy sharoitlari yaratilgan. Shuning uchun og‘ir ahvolda bo‘lgan bemorlarga e’tibor berish va boshqalarning kasalxonada joy egallashlariga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Virusolog, molekulyar genetik tadqiqotlar bo‘yicha mutaxassis, tibbiyot fanlari nomzodi Dildora Sekler ham karantin dastlab kasallikning tarqalishini to‘xtatish va kasalxonalarda yotoq-joylarni tayyorlash uchun joriy qilinganligini ta’kidladi, ammo hozir koronavirus aholiga kirib bordi, shuning uchun asosiy e’tiborni tibbiy tartiblashga (bemorlarning ahvolini og‘irlik darajasiga ajratgan holda tartiblash — tahr.) qaratish kerakligini ta’kidladi.

«Masalan, «O‘zekspomarkaz»da katta poliklinika (tartiblash markazi) ochildi, unda bemorlarni ketma-ket qabul qilishadi, bemorning og‘irlik darajasini — yengil, o‘rtacha yoki og‘irga ajratishadi, keyin esa «yengillarni» uyga yuborishadi, «o‘rtachalarga» yordam ko‘rsatiladi va agar ahvoli yomonlashmasa, keyin ularni ham uylariga yuborishadi va «og‘irlarini» kasalxonaga yotqizishadi», -dedi u.

Avvalroq, koronavirusga qarshi kurashish shtabining a’zosi, professor Xabibulla Oqilov sog‘liqni saqlash tizimining qulashiga yo‘l qo‘ymaslik va virus tarqalishining oldini olish uchun qattiq karantinga qaytishga qaror qilinganligini tushuntirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 10 iyuldan 1 avgustgacha mamlakatda kuchaytirilgan karantin e’lon qilingan edi. 13 iyuldan boshlab esa qo‘shimcha cheklovlar joriy etildi. 23 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev COVID-19 dan o‘lim holatlarini kamaytirish uchun karantinni uzaytirishga rozilik berdi.