Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati O‘zAga Olmazor tuman IIO FMB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi maxsus topshiriqlar bo‘yicha inspektori podpolkovnik Farrux Xolovniki ekani tasdiqlangan audioyozuv bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar izoh berdi.

Unda qayd etilishicha, vazifalarni shaxsiy tarkibga noto‘g‘ri yo‘l bilan yetkazganligi uchun rahbar bo‘lmagan va shaxsiy tarkib oldiga vazifa qo‘yish vakolatiga ega bo‘lmagan Olmazor tumani IIO FMB xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi belgilangan.

«Audioyozuvdagi „reja“ so‘ziga to‘xtalsak. „Reja“ so‘zini rasmiylashtirilgan bayonnomalar soni deb tushunish noto‘g‘ridir. Har qanday faoliyatda ish rejasi zarur bo‘ladi. Profilaktika inspektorlarining ish rejasi deganda aholi bilan fuqarolarning alohida toifasi bilan ishlash rejasi nazarda tutilib, mazkur reja ishonib topshirilgan mahalla hududidagi kriminogen holatdan kelib chiqqan holda muvofiqlashtiriladi», — deyiladi izohda.

Avvalroq IIO xodimi fuqarolarga nisbatan ma’muriy bayonnoma kam tuzilayotganini qayd etib, buni bartaraf etish uchun har bir profilaktika inspektori turli moddalar bo‘yicha 5 tadan ma’muriy bayonnoma tuzishi bo‘yicha topshiriq bergani aks etgan audioyozuv ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.