27 iyul soat 11:30 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 20820 nafarni tashkil etmoqda, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Unga ko‘ra, yangi kasallanish holatlarining 134 nafari Toshkent shahrida, 79 nafari Toshkent viloyatida, 22 nafari Buxoro viloyatida, 18 nafari Sirdaryo viloyatida, yana 18 nafari Namangan viloyatida, 13 nafari Andijon viloyatida, 3 nafari Jizzax viloyatida hamda 2 nafari Navoiy viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Hozirda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan 9598 kishi davolanmoqda. Ulardan 152 nafari og‘ir, 65 nafari o‘ta og‘ir ahvolda, deya baholanmoqda.

Ayni paytda mamlakatda 11105 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sog‘aygan.

Bundan tashqari, shu vaqtga qadar COVID-19 asoratlaridan vafot etgan bemorlar soni 117 nafarga yetdi.

Navbatdagi bemor o‘limi Toshkent shahar Shayxontohur tumanida yashagan 65 yoshli Sh. G. (erkak) bo‘lib, u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani ma’lum qilinadi.

Qayd etilishicha, bemorda 4 iyuldan kasallik belgilari (tana xaroratining ko‘tarilishi, yo‘tal) boshlangan. Unda «COVID-19» tasdiqlangach, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

«Bemorga „COVID-19“ infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchilik asorati bilan kechgan. Shuningdek, bemorda yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kabi hamroh xastaliklar ham bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

Bemorning ahvoli keskin og‘irlashgan va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, saturatsiya ko‘rsatkichining pasayib borishi, nafas olishining qiyinlashuvi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramay o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.