O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi bayonotida 2020 yilgi Qurbon hayiti (Iydul adho) namozini koronavirus pandemiyasi davrida jamoat bo‘lib o‘qish imkoniyati mavjud emasligi mo‘min-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qilishi ta’kidlandi.

Bunday vaziyatda oyat, hadis va shar’iy qoidalarda ko‘rsatilgan tavsiyalarga amal qilishga buyuriladi. Shariat insonga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda ibodatlarni yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi yoki butunlay zimmadan soqit qiladi. Iyd namozi vojib amal bo‘lgani bois bugungiday uzrli holatlarda hayit namozini ado etish soqit bo‘ladi, deyiladi bayonotda.

Koronavirus pandemiyasi sabab karantin holatida hayit namozi o‘qilmayotgani uchun qurbonlikni tong otgandan boshlab qilish joiz bo‘ladi. Musulmonlar hayit kuni bomdod namozini o‘qiganlaridan so‘ng, quyosh chiqqandan keyin 4 rakat Zuho namozini o‘qib, keyin qurbonlik qilsalar, yanayam savobli bo‘ladi. Qurbonlik qilish hayitning 3-kuniga qadar davom etadi.

Bayonotda Qurbon hayiti kunlarida savob ishlarni ko‘paytirish, takbiri tashriq aytish, nafl ibodat qilish, poklanish, chiroyli kiyimlar kiyish, xushbo‘ylanish, qurbonlik qilish, yaqinlariga hadyalar ulashish ayni savobli ishlardan bo‘lishi eslatib o‘tildi.

Bayon etilgan shar’iy dalil va hujjatlardan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi karantin sharoitida Qurbon hayitini nishonlash bo‘yicha quyidagi tavsiyalarini e’lon qildi:

  • Qurbon hayiti kuni mo‘min-musulmonlarga o‘z xonadonlarida quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgandan keyin to‘rt rakatli nafl namozi o‘qish;
  • Qurbon hayiti kuni imkoni borlar bomdod namozini o‘qib, keyin qurbonlik qilish. Qurbonlik go‘shti uchga taqsimlanib, bir qismi — yaqin qarindoshlarga, yana bir qismi — kambag‘al va muhtojlarga tarqatish, qolganini — oila ahliga olib qolish mustahabdir. Hammasini faqirlarga bersa yoki oilada ko‘pchilik bo‘lsa, uyda qoldirsa ham bo‘ladi;
  • bu yilgi Qurbon hayiti karantin sharoitida nishonlanayotgani inobatga olib, odamlar jamlanishiga sabab bo‘ladigan urf-odatlarni tashkil etmaslik, uyma-uy yurib, turli xil azaxonliklar, ma’raka-marosimlarni o‘tkazmaslik va qabristonlar ziyoratidan saqlanish. Xonadonda, oila-a’zolari bilan birga Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, o‘tganlar ruhi poklariga baxshida etish;
  • imom-xatiblar tomonidan bugungi pandemiya sharoitidan kelib chiqib, Qurbon hayiti xonadonlarga quvonch, yurtga fayzu baraka kirishi, mehr-oqibatni yanada ziyoda bo‘lishiga sabab ekani to‘g‘risidagi targ‘ibot ishlari amalga oshirish.

Video