Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida «Koronavirus pandemiyasi davrida nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi prezident qarori muhokamaga qo‘yildi.

Ushbu hujjat koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida mamlakatda joriy etilgan karantin rejimi sababli faoliyatida salbiy ta’sir kuzatilgan nodavlat va davlat xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha, umumta’lim va oliy ta’lim muassasalarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Xususan, O‘zbekiston hududida faoliyat olib borayotgan, o‘rnatilgan tartibda litsenziyaga ega bo‘lgan nodavlat ta’lim tashkilotlariga 2021 yil 1 yanvariga qadar:

  • 15 iyul holatiga ko‘ra, soliqlar, penyalar va soliq qonunchiligini buzganlik uchun hisoblangan jarimalar bo‘yicha mavjud bo‘lgan qarzdorliklarni undirish muddatlari uzaytirish;
  • ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizgacha kamaytirish;
  • tijorat banklariga nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan olingan kreditlarning asosiy qarzi va kredit foizi bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish muddatini uzaytirish hamda muddati o‘tib ketgan kreditlariga garov ta’minoti bo‘yicha jarima sanksiyalari va undiruv choralari ko‘rilishini to‘xtatish tavsiya qilingan.

Shuningdek, Moliya vazirligi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan nodavlat ta’lim tashkilotlari (oliy ta’lim muassasalari bundan mustasno) xodimlariga 1 iyuldan ushbu qaror qabul qilingunga qadar oylik maoshlar to‘lash maqsadida bir martalik beg‘araz subsidiya ajratishi, mablag‘larning manzilli ishlatilishi bo‘yicha monitoring olib borishi qayd etilgan.

Shu bilan birga Xalq ta’limi vazirligi va Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda umumta’lim sohasida masofaviy (onlayn) ta’limni tashkil etish to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqishi va Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilangan.

Ushbu qonun loyihasining muhokamasi 7 avgustgacha davom etishi ko‘zda tutilgan.