Juma kuni mamlakat hududining katta qismida ob-havo yog‘ingarchiliksiz o‘tishi kutiladi. Faqat Toshkent viloyati bo‘yicha, respublikaning tog‘li va tog‘oldi hududlarida ayrim joylarga qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin, deya xabar qildi O‘zgidromet matbuot xizmati.

Respublikaning markaziy va janubi-sharqiy hududlariga Volgabo‘yi rayonlari ustida shakllangan nisbatan salqin va kam nam havo oqimi kirishi davom etmoqda.

Harorat 35−38 daraja atrofida bo‘ladi, janubda ayrim joylarda 40−42 darajagacha yetishi mumkin.

Dam olish kunlari butun mamlakat hududiga Turkmanistondan yana issiq va quruq havo oqimi kirishni boshlaydi.

Respublika hududining katta qismida ob-havo kam bulutli va quruq bo‘ladi, faqat ayrim tog‘oldi va tog‘li joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Kunduzgi harorat 37−40 daraja atrofida bo‘ladi, janubda 42 darajagacha ko‘tariladi, bu yozning shu davri xos bo‘lgan me’yoriy qiymatlardan 2−4 darajaga yuqoridir.