Birinchi yarim yillik mobaynida iqtisodiy sudlar tomonidan 51727 ta ish ko‘rib chiqildi, deya xabar berdi Respublika Oliy sudi matbuot xizmati.

Ularda da’vogarlar foydasiga 2,9 trln so‘m undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan. Ko‘rilgan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 45,8 foizga kamaygan.

Eng ko‘p iqtisodiy ishlar Toshkent shahar, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Namangan, Andijon va Jizzax viloyatlari iqtisodiy sudlari tomonidan ko‘rib chiqilgan va hal etilgan.

Ishlarning ko‘pi, ya’ni 24326 tasi bevosita joylarda, ya’ni sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan. Videokonferensaloqa rejimida ishlarning 1294 tasi ko‘rib chiqilgan bo‘lib, natijada taraflarning 926 mln so‘mdan ziyod mablag‘lari tejab qolindi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini huquqiy himoya qilishga oid 14255 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi hamda ular foydasiga 824,7 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘ undirib berildi.

Iqtisodiy sudlarda ko‘rilgan ishlarning asosiy qismini mahsulot yetkazib berish, kontraktatsiya, kredit va kommunal xizmat ko‘rsatish shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha ishlar tashkil etdi.

Shuningdek, Respublika Oliy sudi Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 302 ta shikoyat va protestlar ko‘rib chiqildi. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 147 ta qaror bekor qilindi va 36 ta sud qarorlari o‘zgartirildi.