O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda Qurbon hayiti bayramini 31 iyul, juma kuni nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali xabar qildi.

«O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2020 yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 31 iyul — juma kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib, mamlakatimizda 2020 yil 31 iyul Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin», — deyiladi qarorda.

Hujjatda qo‘shimcha dam olish kunlari ko‘zda tutilmagan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Qurbon hayitining karantin talablariga rioya qilgan holda, milliy va diniy an’analarga mos ravishda o‘tishi uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirildi.