Yangi o‘quv yilidan boshlab maktab direktorlari va o‘qituvchilarining maoshi maktab bitiruvchilarinng OTMlarga kirish ko‘rsatkichlariga va ularning ishga joylashishiga bog‘liq bo‘lishi haqidagi yangilik jamoatchilikning qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘ldi. Ehtimol, bu qaror maktab bitiruv va OTMga kirish imtihonlarini unifikatsiyalashtirish (birlashtirish) rejalari bilan bog‘liqdir. Bu qaror nimalarga asoslangani va qanday natija berishi mumkinligini «Gazeta.uz» kolumnisti Komil Jalilov tahlil qiladi.

Biroz avval «Ma’rifat» gazetasining Telegram-kanalida Namangan viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi rahbari V.Rajapov yozgan ogohlantirish xatining nusxasi ommaga talqin qilingandi. Xatdan tushunilishicha, maktablar bitiruvchilarning OTMga kirish ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib maxsus «rangli» guruhlarga ajratiladi hamda «qizil» va «sariq» guruh maktablaridagi xodimlar maoshlari qisqartiriladi.

Xalq ta’limi vazirligining axborot xizmati ushbu xatning haqiqatda mavjudligini inkor qilmadi va chindan ham maktablarni baholash bo‘yicha loyiha tayyorlanayotgani haqida xabar berdi. Shu navbatda, maktablarni baholash mezonlarida bitiruvchilarning OTMga kirish darajasi ham hisobga olinishi aytib o‘tilgan.

Bundan tashqari, vazirlikning rasmiy saytida bitiruvchilarining 50% dan ko‘pi OTMlarga kirgan maktablar direktorlari «oltin zahira»ga olinishi, aksincha, past ko‘rsatkichli maktab direktorlarining faoliyati qayta ko‘rib chiqilishi haqida yangilik e’lon qilingan.

Maktab faoliyatiga uning bitiruvchilaridan necha foizi OTMga kirishiga qarab baho berish hozirgi tizim nuqtai nazaridan qanchalik adolatli?

Birinchidan. Shu paytgacha mintaqaviy va xalqaro standartlar bo‘yicha eng past bo‘lib kelayotgan oliy ta’lim qamrovini endi bu yil 25% ga olib chiqish rejalashtirilgan. Bu maktab bitiruvchilarining har 4tasidan bittasigina OTMda ta’limni davom ettira olishini anglatadi. Agar abituriyentlar ichida avvalroq maktabni tamomlaganlar ham bo‘lishini hisobga olsak, bu ko‘rsatkich yanada kamroq bo‘ladi.

Misol tariqasida, joriy yilgi qariyb 1,5 million abituriyentdan 1,3 millionga yaqini davlat OTMlarida o‘qish imkoniyatidan bebahra qoladilar (davlat OTMlarida bakalavr uchun tasdiqlangan o‘rinlar soni 139,9 mingni tashkil etadi). OTMlarga kirish davlat miqyosida cheklangan bir paytda, maktablarni bitiruvchilarning OTMga kirish ko‘rsatkichiga tayanib rag‘batlantirish yoki «jazolash» qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi?

Ikkinchidan. Abituriyentning imtihonlarda muvaffaqiyat qozonishi faqat uning bilimiga bog‘liq emas. Bu yerda abituriyent oilasining moliyaviy va ijtimoiy ahvoli kabi maktab ta’sir doirasidan tashqari omillar ham mavjud. OTMlarda kunduzgi ta’lim talabalarining 23 foizigina davlat granti asosida o‘qiy oladi (sirtqi va kechki bo‘limlar bundan mustasno — ular uchun o‘qish faqat to‘lov asosida). Ana endi, eng arzon to‘lov-shartnoma narxlari o‘rtacha oylik ish haqidan 5 baravar ko‘pligini hisobga oladigan bo‘lsak, har bir oilada ham kundalik zaruriyatlarga ketadigan xarajatlar (oziq-ovqat, kommunal to‘lovlar va hokazolar)dan orttirib, farzandining kontraktini to‘lashga imkoniyat bo‘lmasligiga amin bo‘lamiz.

Keling, bir holatni ko‘z oldimizga keltiramiz: bir maktab bitiruvchisi qabul imtihonlarida yetarli ball to‘plab, kontrakt asosida o‘qishga qabul qilindi. Lekin oilasidagi moliyaviy qiyinchiliklar tufayli kontrakt to‘lovini to‘lay olmadi va o‘qishdan bosh tortdi. Boshqa bir maktab bitiruvchisi esa, kerakli ballni to‘play olmadi, biroq super-kontrakt asosida o‘qishga kirdi. Bundan kelib chiqib, ikkinchi maktab birinchisidan yaxshiroq ishlagan deyish to‘g‘rimi?

OTMlarga kirishda taqdim etiladigan imtiyozlar ro‘yxati esa alohida bir mavzu. Bu imtiyozlar abituriyentning bilimiga qarab emas, balki uning qaysi hududdan, qaysi maktabdan ekanligi (ba’zi maktab bitiruvchilar maxsus imtiyozlarga ega), harbiy xizmatni o‘taganligi, ota-onasining kasbi (ba’zi mutaxassislar farzandlariga alohida kvotalar belgilangan), jinsi kabi omillarga tayanib ajratilgan. Parlamentning quyi palatasi deputati Maqsuda Vorisova bu imtiyozlar davlat Konstitutsiyasidagi ijtimoiy tenglik tamoyiliga mutlaqo zidligi haqida fikr bildirgan edi.

Bu tizim testologiya — baholash haqidagi fanga ham mutlaq ziddir. Test natijalariga sinalayotgan bilim va ko‘nikmalardan tashqari, boshqa omillar ham ta’sir ko‘rsatishi test natijalarining validligini yo‘qqa chiqaradi. Agar yuqoridagi qarashlardan kelib chiqsak, maktablar «qizil» ro‘yxatga tushmaslik uchun imtiyozga ega va kontrakt pulini to‘lashga qurbi yetadigan o‘quvchilarni o‘ziga jalb qilishni bilishi kerak, axir ularda OTMga kirish imkoniyati kattaroqku.

Uchinchidan. O‘z sohasida muvaffaqiyatga erishish uchun oliy ta’lim shart bo‘lmagan kasblar juda ko‘p. Hozirgi kunda tan olinishicha, «9+3» tizimi o‘zini oqlamadi va shu sababli yangi turdagi professional ta’lim muassasalari tarmog‘i yaratildi. Biroq, agar maktablar faqat OTMga kirish ko‘rsatkichi bilan baholansa, o‘quvchilarning OTMga emas, bunday professional ta’lim muassasalariga va o‘rta bo‘g‘in kasblariga qiziqishini qanday qo‘llab-quvvatlash mumkin?

Yana bir holatni inobatga olish kerak: aytaylik, o‘quvchi maktabni bitirgach, o‘z kelajagi haqida o‘ylab olish uchun tanaffus — «gap year» olishga qaror qildi. AQSHda olib borilgan tadqiqot natijasida Amerika maktab bitiruvchilarining 1/3 qismi ana shunday tanaffus olishni istashlari ma’lum bo‘ldi. Qiziqarlisi shuki, shunday tanaffus yilida vaqtini samarali o‘tkazganlari — qo‘shimcha ish tajribasini orttirib, ko‘ngilli sifatida turli loyihalarda qatnashganlari keyingi ta’lim faoliyatida yuqori natijalarga erishar ekan. Axir, 11-sinfni bitirib hali ham o‘z hayot yo‘lini aniqlamagan o‘quvchilar topiladi va ularni majburlab biror-bir OTMga topshirishga undash vaqt, kuch va pulni bekorga sarflashga olib kelishi mumkin.

To‘rtinchidan. Nazarimizda, shuni tan olish lozimki, hozirgi sharoitda OTMga kirish maktabga emas, boshqa bir qator omillarga bog‘liq. Bunday omillardan ayrimlarini — oilaning ijtimoiy va iqtisodiy ahvolini yuqorida sanadik. Shunday omillardan yana biri — bu «soyadagi ta’lim».

«Soyadagi ta’lim» (shadow education) — maktab dasturiga kirgan va o‘quvchilar muhim imtihonlar topshiradigan fanlardan qo‘shimcha pullik mashg‘ulotlar. Bunday mashg‘ulotlar individual (yakka) yoki guruhlarda bo‘lishi mumkin. O‘qituvchilar tanlovi ham juda keng: istalsa, maktabda o‘sha fandan dars beruvchi o‘qituvchini yoki tashqaridan boshqa o‘qituvchini yollash mumkin. Bunda «soyadagi» so‘zi «soyadagi iqtisodiyot» atamasi singari salbiy ma’no kasb etmasligini ham inobatga olish lozim.

Soyadagi ta’lim butun dunyoda keng tarqalgan holat. Bu borada izlanish olib borgan olimlar Osiyo davlatlarida 85 foizgacha yuqori sinf o‘quvchilari soyadagi ta’limdan foydalanishi, Yevropa bozorida esa bu sohadagi faoliyat bir necha yuz million yevro yillik daromad olib kelishini aniqlashdi.

Afsuski, bu boradagi O‘zbekistonga tegishli tadqiqot natijalari topilmadi (2009 yilda YUNESKOning Markaziy Osiyoda soyadagi ta’lim borasida olib borgan tadqiqotida bizning mamlakat haqida ma’lumotlar berilmagan). Biroq o‘quv markazlari va repetitorlarning keng ommalashganidan kelib chiqib, bizning mamlakatimizda ham bu holat ancha keng tarqalganligini aytishimiz mumkin.

«Ma’rifat» gazetasi Buxoro viloyati Shofirkon tumani misolida OTMlarga kirishning yuqori ko‘rsatkichi maktablarning emas, repetitorlarning xizmati ekanligini tahlil qilishga harakat qilgan. Umuman olganda, maktablarni OTMga kirish darajasi bo‘yicha baholashga o‘tishdan oldin bu jarayonga ta’sir ko‘rsatuvchi turli omillar borligini ham inobatga olish to‘g‘ri bo‘ladi.

O‘qituvchi, maktab rahbari, hatto Xalq ta’limi vazirligining ta’sirida bo‘lmagan shunday omillar borki, ular bevosita ta’lim sifatiga ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, 18−20 soatlik dars yuklamasi va respublika bo‘yicha o‘rtacha ish haqidan past bo‘lgan maosh o‘qituvchilarni bir necha stavkalarda ishlashga majbur qiladi. Har bir o‘quvchiga e’tibor qaratishga imkon qoldirmaydigan darajada o‘quvchilar ko‘p bo‘lgan sinflar, faqat «yodla-qaytar»ga asoslangan va xatolarga to‘la yagona darsliklar, zamondan ortda qolgan laboratoriyalar — bularning hammasi, o‘z navbatida, ta’lim sifatiga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Natijada, farzandining kelajagidan xavotirga tushgan ota-onalar va o‘quvchilarning o‘zida soyadagi ta’limga murojaat qilishdan boshqa yo‘l qolmaydi.

Ba’zan esa, hukumat qarorlarining o‘zi ham o‘quvchilarni qo‘shimcha darslardan najot izlashga majbur qiladi. Bunga yorqin misol — chet tilini bilish darajasi: ta’lim standartlariga ko‘ra, maktab bitiruvchisidan tilni B1 darajada bilish talab qilinsa, OTMga kirishda chet tilida maksimal ball olish uchun esa negadir bir pog‘ona yuqori — B2 daraja so‘raladi. Biz bunday talab qo‘yishning salbiy oqibatlarini normativ-huquqiy hujjat hali muhokamada bo‘lganida tahlil qilishga harakat qilib ko‘rgandik. Yaqinda huquqshunos va blogger Xushnudbek Xudoyberdiyev ham masalani yana bir bor ko‘tarib chiqdi.

Yana bir muhim omil. Jahon bankining ta’lim bo‘yicha eksperti Nodira Meliboyevaning fikricha, O‘zbekistonda iqtidorli va malakali pedagoglarni ta’lim tizimiga jalb qilish va ushlab turish tizimi yo‘q. Maktab muhitiga bog‘liq yuqorida ko‘rsatilgan to‘siqlardan tashqari, kamdan-kam insonlar e’tibor qaratadigan yana bir narsa bor: o‘qituvchilarning professional ko‘nikmalarni yo‘qotishi.

Kasbiy ko‘nikmalarni yo‘qotishning (ingliz ilmiy adabiyotida «deskilling» atamasi qo‘llaniladi) sabablari turlicha. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, ana shunday omillardan biri shaxsiy rag‘batning sustligi yoki o‘ta markazlashtirilgan tizim bo‘lishi mumkin. Masalan, yuqoridan berilgan o‘quv dasturi chegaralaridan chiqa olmaslik va o‘z o‘quvchilari uchun fanni o‘qitishni rejalashtira olmaslik o‘z paytida Turkiya va Janubiy Koreya ta’lim tizimida muammolarga sabab bo‘lgan.

Bu voqealar qarshisida Xalq ta’limi vazirligining yaqinda ishlab chiqqan qarori — «maktabdagi qog‘ozbozlikni bartaraf etish maqsadida» o‘quv rejasining Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tuzilishi va respublika maktablariga birdek targ‘ib etilishi tabiatan ijodiy kasb bo‘lmish o‘qituvchilikni mexanik «ma’lumot berish»ga aylantirib qo‘yadi.

O‘qituvchi o‘z faoliyati uchun mas’uliyatni his qilishi, umuman olganda, jarayondan zavq olishida o‘quv rejasini o‘quvchilarga moslashtirib o‘zgartira olish imkoniyati juda muhim hisoblanadi.

Agar reja o‘quvchilar bilan ishlab ko‘rmagan yuqoridagi bir amaldor tomonidan tuzilar ekan, o‘qituvchi rejaga amal qilish uchun ko‘proq bilimlarni to‘g‘ri o‘zlashtirishga yordam berish to‘g‘risida emas, o‘quv dasturidagi vaqt bilan to‘g‘ri ketish haqida qayg‘ura boshlaydi. Oxir-oqibat, ta’lim sifatidan qoniqmagan o‘quvchi qo‘shimcha darslar, soyaviy ta’lim imkoniyatlarini izlay boshlaydi.

Nihoyat, oxirgi, ammo muhim omillardan biri — ta’lim standartlari bir narsani talab qilgan paytda, OTMga kirish imtihonlari butunlay boshqa narsani tekshirsa, test tizimi testologiyaning eng oddiy talablarini ham inobatga olmasa, maktablarni OTMga kirgan bitiruvchilarga ko‘ra baholash imkonsizdir. Axir o‘qituvchining vazifasi ta’lim standartidagi talab va maqsadlarga erishish emasmi? Masalan, o‘z sohasini yaxshi biladigan adabiyot o‘qituvchisi XX asr o‘zbek adabiyotining yorqin namunasi — «Kecha va kunduz»dagi epizodik qahramon bo‘lmish aravakashning ismini eslab qolishni o‘quvchilaridan talab qilmaydi.

O‘qituvchining vazifasi — har bir o‘quvchida asar haqida o‘z tushunchasini shakllantirishga yordam berish. Yoki bo‘lmasa, tarix fani o‘qituvchisi bolalardan tarixiy davlat arboblari va turli xalqlar ilohlarining rasmlarini yodlab qolishni talab qilishi mantiqsizlik emasmi? Uning vazifasi — kelajak avlodni tarixiy voqealarni tahlil qilgan holda, xulosa chiqarishga o‘rgatish. Keling, bir narsani aniqlashtirib olamiz: o‘qituvchining maqsadi kelajakda kerak bo‘ladigan ko‘nikmalarni shakllantirishmi yoki faqat test uchun kerak bo‘ladigan va hayot uchun umuman keraksiz ma’lumotlarni yodlashga o‘rgatishmi?

Maktab bitiruvchilarining «ishga joylashuvi» masalasiga keladigan bo‘lsak (aynan shu o‘qituvchi va murabbiylarning maoshini aniqlashda ikkinchi omil hisoblanadi), yaqin o‘tmishni eslashning o‘zi kifoya. Kasb-hunar ta’lim muassasalarining bitiruvchilari faqat chiroyli hisobot uchun mavjud bo‘lmagan yoki allaqachon yopilib ketgan korxonalarga qanday «ishga joylashtirilganini» eslasangiz kerak? Ba’zan bu «bandlik» hisobot ko‘rib chiqilgunga qadar davom etgan. Aytishlaricha, o‘tgan asrning eng yorqin ayollaridan biri Indira Gandi shunday degan ekan: «Tarix — eng yomon o‘quvchilarga ega eng yaxshi o‘qituvchidir».

Ta’lim sohasidagi har qanday o‘zgarishlar ilmiy tadqiqot va chuqur tahlillarga asoslangan bo‘lishi lozim. Aks holda, bunday tez qarorlar bilan tizim ichidagi ishtirokchilarni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itish yoki ularga zarar yetkazib qo‘yish mumkin. Ta’lim tizimida shoshilinch va sayoz, populistik qarorlarga aslo yo‘l yo‘q. Axir, bu yo‘lda millatning intellektual kelajagi taqdiri tikilgan.

Muallif fikrlari tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.

Maqola tarjimasi Khan Academy Oʻzbek tomonidan taqdim etildi.