Ta’sir etuvchi bir nechta omillar sababli elektr ta’minoti tizimiga 0,8−1,0% miqdorda cheklovlar kiritilmoqda, deya xabar qildi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» kompaniyasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 21 iyul kunidan boshlab, energotizimda ishlab chiqarilayotgan va iste’mol etilayotgan elektr energiyasi orasida nomutanosiblik vujudga kelgan. Shu bois energotizimdagi yirik avariyaviy holatlarning oldini olish va uning barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida respublika iste’molchilariga cheklovlar kiritilmoqda.

«Respublika bo‘yicha kiritilayotgan cheklov miqdori taxminan 1,5−2,0 mln kVt•soatni tashkil etmoqda. Bu kunlik o‘rtacha iste’molning (195,6 mln kVt•soat) 0,8−1 foizini tashkil etadi», — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, respublika bo‘yicha vaqtinchalik elektr ta’minotidagi uzilishlariga qo‘shni Tojikiston energotizimidan qabul qilinayotgan elektr energiyasi importi hajmining keskin qisqarishi ham sabab bo‘lmoqda.

Ma’lumot uchun, Tojikistonda suv tanqisligi oqibatida joriy yil 16 iyul kuni soat 02:33da kuchlanishi 500 kV bo‘lgan «Regar» va «Surxon» podstansiyalarini bog‘lovchi L-508 havo elektr uzatish tarmog‘i orqali import amaliyoti to‘xtatilgan va import miqdori sutkalik o‘rtacha 12 mln.kVt•soatdan 0,3 mln kVt•soatgacha kamaygan.

Shartnomaga asosan elektr energiyasi importi shartnomasi sentyabr oyigacha bo‘lganligi sababli issiqlik stansiyalariga iyul oyiga elektr energiyasi importini qoplash uchun yoqilg‘i ko‘zda tutilmagan va elektr stansiyalar uskunalari ta’mirga chiqarilgan.

Shunga qaramasdan, joriy rejimlarda elektr stansiyalarga shartnomada ko‘zda tutilgan miqdordan 10−12% ko‘p tabiiy gaz yetkazib berilmoqda, aniqrog‘i issiqlik elektr stansiyalarida rejaga nisbatan 8 mln kVt•soat va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25−30 mln kVt•soat ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda.

Tojikiston energotizimidan import miqdorining keskin kamaytirilishi «Nurek» suv omboriga suv kelishining prognoz ko‘rsatkichlardan kamligi va suv sathining pastligi sababli Tojikistonning «Barki Tochik» kompaniyasi tashabbusi bilan amalga oshirildi.

Bundan tashqari, respublikada joriy yilda kuzatilayotgan suv tanqisligi sababli O‘zbekiston gidroelektrostansiyalarida shartnomaviy miqdorga nisbatan kunlik 6−7 mln kVt•soat, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10−12 mln kVt•soat kam elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda va bu ham, o‘z navbatida, elektr energiyasi tanqisligini yuzaga keltirmoqda.

Mavjud holatni barqarorlatirish maqsadida «O‘zbekiston MET» AJ o‘z vakolatlari doirasida «Turmenenergo» kompaniyasi bilan elektr energiyasi importi bo‘yicha shartnoma imzolanganbo‘lib, ushbu amaliyotning boshlanishi 2020 yil 28 iyuldan kutilmoqda.