Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda koronavirusdan davolanayotgan Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning o‘limi to‘g‘risidagi xabarlar tarqaldi. Ushbu mish-mishlarni viloyat ma’muriyati, so‘ngra hokimning o‘zi videomurojaat orqali rad etdi.

«Bugun 24 iyul 2020 yil. Hozirgi vaqtda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida men davolanishdaman. Oliy toifali shifokorlar, tibbiyot sohasidagi vrachlarimiz yaqindan menga ko‘mak berib, qisqa vaqtda sog‘lig‘imni ancha tiklab oldim. Xudo xohlasa, qisqa kunlarda davolanib chiqib, ishni davom ettirish bo‘yicha kuch-g‘ayratimiz yetarli», — dedi To‘ra Bobolov Koronavirus Info Telegram-kanalida e’lon qilingan videoda.

Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati davolash taktikasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan standartlar asosida olib borilayotganini ma’lum qildi.

«Surxondaryo viloyati hokimi to‘liq davolanib, yaqin kunlarda ish faoliyatini davom ettiradi», — deyiladi xabarda.

18 iyul kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi Qoraqalpog‘iston Jokargi Kenesi raisi Musa Yerniyazovning ham koronavirusga chalingani hamda Nukusda davolanayotganini tasdiqlagan edi.