23 iyul kuni «Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasini tartibga solish sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish to‘g‘risida» gi prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi va Moliya vazirligi huzuridagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi negizida Алкоголь va tamaki bozorini tartibga solish va vinochilikni rivojlantirish agentligi hamda ushbu agentlikning yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Vinochilikni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi.

Belgilanishicha, mazkur agentlikning asosiy vazifalaridan biri iste’mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish va realizatsiya qilish, vinochilik sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, shuningdek sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan kompleks dasturlarni amalga oshirish bo‘ladi.

Agentlik alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash, iste’mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchilar tomonidan litsenziya talablariga rioya etilishini nazorat qilish hamda alkogol va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun korxonalar o‘rtasida iste’mol etil spirtini belgilangan tartibda taqsimlash bo‘yicha vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Farmonga muvofiq 1 avgust kunidan:

  • alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish, shuningdek umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini sotish huquqiga ruxsat beruvchi guvohnoma cheklanmagan muddatga beriladi;
  • ishlab chiqaruvchilar tomonidan turistik yo‘nalishlarda tashkil etilgan degustatsiya hududlarida (joylarida) realizatsiya qilingan tabiiy vino (qadoqlangandan tashqari) mahsulotlariga nol darajali stavka bo‘yicha aksiz solig‘i solinadi;
  • ishlab chiqaruvchilar iste’mol etil spirtining 50 foiz haqini oldindan to‘lash shartlarida realizatsiya qilish huquqiga ega bo‘ladi.