Guliston shahrida sodir etilgan yo‘l transport hodisasi oqibatida bir kishi vafot etdi va ikki kishi tan jarohati oldi, deya xabar berdi IIV YHXBB Axborot xizmati.

Ma’lum qilinishcha, 23 iyul kuni soat 19:30 larda, Sirdaryo viloyati, Guliston shahar, Bahor MFY hududidan o‘tuvchi M 34 xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘lining 111-kilometrida haydovchi, 1989 yilda tug‘ilgan G‘.Q. «Neksiya» rusumli transport vositasini «Toshkent-Dushanbe» yo‘nalishida boshqarib ketayotib, o‘zidan oldinda qayrilish mumkin bo‘lgan joydan ortga qayrilayotgan haydovchi Z.K. boshqaruvida bo‘lgan «SINOTRUK HOWO» rusumli yuk avtomashinasining orqa tomoniga urilib, YTH sodir etgan.

YTH natijasida «Neksiya» rusumli transport vositasi haydovchisi 31 yoshli G‘.Q. og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonada vafot etgan. Ushbu avtomashina yo‘lovchilari 2000 yilda tug‘ilgan B.Turdiyev va M.Bobosherovlar tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgani ma’lum qilindi.

«Mazkur yo‘l transport hodisasi yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB Tergov Departamenti tomonidan tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.