24 iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 18986 nafarni tashkil etmoqda, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Unga ko‘ra, yangi kasallanish holatlarining 64 nafari Toshkent shahrida, 31 nafar Samarqand viloyatida, 18 nafari Toshkent viloyatida hamda 5 nafari Qoraqalpog‘istonda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Hozirda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan 8734 kishi davolanmoqda. Ulardan 118 nafari og‘ir, 30 nafari o‘ta og‘ir ahvolda, deya baholanmoqda.

Ayni paytda mamlakatda 10149 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sog‘aygan.

Bundan tashqari, shu vaqtga qadar COVID-19 asoratlaridan vafot etgan bemorlar soni 103 nafarga yetdi.

Navbatdagi bemor o‘limi Jizzax shahrida yashagan 57 yoshli T.A. (ayol) bo‘lib, u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani ma’lum qilinadi.

Qayd etilishicha, bemorda «COVID-19» tasdiqlangach, u viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

«Unga „COVID-19“ infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi hamda gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan», — deyiladi xabarda.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.