23 iyul kuni Andijon viloyati Andijon tumani Qurama MFY hududidan o‘tuvchi A-373 «Toshkent-O‘sh» xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘lining 485-kilometrida uchta yengil avtomobil ishtirokida halokatli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

IIV YHXBB axborot xizmatining xabar qilishicha, soat 10:00 larda 1997 yilda tug‘ilgan haydovchi F.A. Nexia-3 avtomobilida yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketib, 1980 yilda tug‘ilgan A.A. boshqaruvidagi Spark bilan to‘qnashgan. So‘ngra yana bir haydovchi — 1981 yilda tug‘ilgan N.T. boshqaruvidagi Spark Nexia-3 bilan to‘qnashgan.

Natijada, birinchi Spark xaydovchisi A.A. hamda onasi 1958 yilda tug‘ilgan F.A. og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etishgan. Ushbu avtomashina yo‘lovchisi 1986 yilda tug‘ilgan D.X. tan jarohatlari olib shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur YTH yuzasidan Andijon tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.