2020 yilning yanvar-iyun oylarida 1,216 mln chet el fuqarosi O‘zbekistonga tashrif buyurgan, deya ma’lum qildi Davlat statistika qo‘mitasi.

Ma’lumotnomaga ko‘ra, hisobot davrida O‘zbekistonga kelgan chet el fuqarolari soni 2019 yilning mos davriga nisbatan 60 foizga kamaygan. Shu bilan birga, chet elga ketgan O‘zbekiston fuqarolari soni 1,438 mln kishiга teng bo‘lgan. Bu esa, o‘z o‘rnida, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 61,3 foizga kam demakdir.

Qayd etilishicha, COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan mart oyidan O‘zbekistonda barcha havo yo‘llari va temir yo‘l transporti faoliyatini vaqtincha to‘xtatilgan, natijada aprel-iyun oylarida mamlakatga kirib keluvchi xorijliklar soni 2,1 ming kishini, O‘zbekistondan turistik maqsadlarga xorijga chiqqanlar soni esa 3,5 ming kishini tashkil etdi.

Olti oy davomida mamlakatga kelgan chet el fuqarolarining 51,9 foizini (631,4 ming kishi) erkaklar, 48,1 foiziini (584,7 ming kishi) esa ayollar tashkil etgan. Shu bilan bir qatorda, turistik maqsadlarda chet elga ketgan O‘zbekiston fuqarolarining 54,9 foizini (790,2 ming kishi) erkaklar, 45,1 foizini (648,6 ming kishi) esa ayollarga to‘g‘ri kelgan.

Yarim yil mobaynida O‘zbekistonga tashrif buyurganlarning jami 95,5 foizi yoki 1,161 mln kishi MDH davlatlaridan, qolgan 4,5 foizi yoki 54,8 ming kishi uzoq xorijiy davlatlardan. Chet el fuqarolar asosan o‘z qarindoshlarini yo‘qlash (86,7%), sayyohlik (8,1%), o‘qish (3,4%), xizmat (1,4%) va davolanish (0,4%) maqsadida kelgan.

O‘zbekistonga kelgan chet el fuqarolarining asosiy qismi quyidagi mamlakatlardan bo‘lgan:

  • Qozog‘iston — 397,9 ming kishi (32,9%);
  • Tojikiston — 332,8 ming kishi (27,5%);
  • Qirg‘iziston — 298,4 ming kishi (24,7%);
  • Rossiya — 65 ming kishi (5,4%);
  • Turkmaniston — 60,6 ming kishi (5%);
  • Turkiya — 13,6 ming kishi (1,1%);
  • Janubiy Koreya — 5,3 ming kishi (0,4;);
  • Xitoy — 4,5 ming kishi (0,4%);
  • Hindiston — 3,6 ming kishi (0,3%);
  • Ozarbayjon — 2,0 ming kishi (0,2%);
  • Yaponiya — 1,3 ming kishi (0,1%);
  • Fransiya — 0,9 ming kishi (0,1%).

Chet elga ketgan O‘zbekiston fuqarolarining asosiy qismi, ya’ni 35,7 foizi Qirg‘izistonga (514,3 ming kishi), 34,2 foizi Qozog‘istonga (492,5 ming kishi), 18,4 foizi Tojikistonga (265,3 ming kishi), 3 foizi Rossiyaga (43,5 ming kishi), 2,1 foizi Turkiyaga (30,9 ming kishi) va boshqa davlatlarga borishgan.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Manba: Davlat statistika qo‘mitasi