10 iyuldan Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan jamoat transportlari harakati cheklab qo‘yilgach, yo‘nalishsiz taksilarga bo‘lgan ehtiyoj oshdi. Toshkentda yo‘l haqlarini oshirib yuborgan bir qator haydovchilar va korxonalar jazolandi, deya xabar berdi O‘zA.

«Jamoat transporti bo‘lgan avtobus va metroga tariflar hokimlik qarori bilan qabul qilinadi. Taksilarda esa yo‘l haqi tashuvchi va yo‘lovchi o‘rtasidagi o‘zaro kelishuvga asosan belgilanadi. Biroq, ayrim taksi xizmati korxonalari va haydovchilari murakkab vaziyatdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqda», — deydi Toshkent shahar Transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev.

Toshkent aholisini karantin davrida moliyaviy jihatdan qiyinchiliklarga duch kelishlarining oldini olish maqsadida Transport vazirligi hamda uning hududiy boshqarmalari monitoring tadbirlari o‘tkazib borishmoqda.

Natijada 10 iyuldan bugungi kunga qadar yo‘l haqini asossiz oshirgan yoki tender shartnomasi talablarini buzgan 25 yuridik korxonaga ma’muriy choralar qo‘llanildi. 64 ta yo‘nalishsiz taksining litsenziya varaqalari bekor qilindi. Bundan tashqari o‘nga yaqin yuridik korxonaga chora ko‘rish va 21 taksining litsenziyasini bekor qilishga doir hujjatlar sudga taqdim etildi.

17 iyul kuni Toshkent shahrida Davlat soliq qo‘mitasi va Toshkent shahri Transport boshqarmasi hamda sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislari tomonidan yo‘llardagi holatlarni nazorat qilish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazildi.

14 ta statsionar yo‘l-patrul postlarida 10−00 dan 17−00 gacha haydovchilarning belgilangan qoidalarga (litsenziyaning mavjudligi, xizmat narxlari, xavfsizlik choralari) qanchalik amal qilayotganliklari o‘rganildi.

Davlat soliq qo‘mitasining xabariga ko‘ra, ushbu tadbirlar doirasida 45 ta qoidabuzarlik holatlari kuzatilgan: sanitariya-epidemiologik talablarga amal qilmaslik (22), noqonuniy xizmat ko‘rsatish (23).

Ba’zi noqonuniy tarzda, ya’ni maxsus litsenziyaga ega bo‘lmagan holda yo‘lovchi tashiyotgan haydovchilar narxlarni oshirib yuborayotgani yuzasidan ham shikoyatlar bo‘lmoqda, deyiladi xabarda.

Soliq organlari xodimlarining surishtiruv natijalariga ko‘ra, taksi xizmati uchun narxlar ikki barobar oshirilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda 108 nafar yo‘lovchi shikoyat qilgan.

Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 176−3 moddasi (avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish) ga ko‘ra, litsenziyasiz xizmat ko‘rsatayotgan haydovchi eng kam oylik ish haqining 20 barovaridan 100 barovarigacha, ya’ni 4,5 mln so‘mdan 22,3 mln so‘mgacha miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.