O‘zbekiston Qurolli kuchlari ixtiyoridagi T-64 tanklari mamlakat mudofaa-sanoat majmuasi korxonalari negizida modernizatsiya qilinadi, deya xabar qildi Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

T-64ning namunaviy modernizatsiyasi Mudofaa vazirligining Zirhli texnikalarni ta’mirlash zavodining ishlab chiqarish quvvatlarida amalga oshirildi. Jumladan, 5TDF dvigateli o‘rniga V simon V-84 dvigateli o‘rnatildi. Natijada tank quvvati 140 ot kuchiga qadar oshirilib, tankning har qanday tabiiy sharoitlarni yengib o‘tish imkoniyati kengaydi.

Tank korpusi ham qo‘shimcha zirhlar bilan kuchaytirildi, dinamik himoya qutilari va O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Hytera raqamli radiostansiyasi o‘rnatildi.

«Yurish qismini har xil sharoitlarda, jumladan, cho‘l sharoitida sinovdan o‘tkazish natijalari T-72 rusumli tankning yurish qismidan qolishmasligi va baxzi ko‘rsatkichlari bo‘yicha undan ustunligini ko‘rsatdi», — deya qo‘shimcha qilinadi qo‘mita xabarida.