Buxoro viloyati hokimligining sog‘liqni saqlash boshqarmasi koronavirus bilan kasallangan bemorlarni og‘ir ahvolda davolashda yordam beradigan 50 ta kislorod konsentratorlarini sotib oldi, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

20 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatga kislorod konsentratorlari va pulsoksimetrlarni tezkor yetkazib berish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi. Agar lozim bo‘lsa, maxsus samolyot ajratilishini aytdi. Ushbu tibbiy buyumlarni tadbirkorlar tomonidan olib kirish tartiblari Vazirlar Mahkamasining 22 iyuldagi qarori bilan qulaylashtirildi.

Viloyat ma’muriyati xabariga ko‘ra, har bir kislorod konsentratori 12 million so‘mdan (1175 dollar) sotib olingan. Buxoro viloyati hokimligi maxsus shtabining fotosuratlarida ushbu qurilma Xitoyning har xil turdagi kislorod konsentratorlarini ishlab chiqaradigan Kunshan Dynmed Medical Technology logotipini aks ettirganini ko‘rish mumkin.

Bir qator blogerlar Alibaba saytida bunday konsentratorlar 320 dollar turishini, 100 ta yoki undan ko‘p sotib olinsa har birining narxi 220 dollarni tashkil etishiga e’tibor qaratishdi.

«Gazeta.uz» hokimiyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi 50 ta konsentrator to‘g‘ridan-to‘g‘ri byudjet xaridlari doirasida sotib olinganligini aniqladi (davlat xaridlari saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra). Uskunalarni sotib olish bo‘yicha Vigour Export kompaniyasi bilan 22 iyul kuni shartnoma imzolangan. Shartnoma summasi 505,8 mln so‘mni tashkil etadi (bitta konsentrator uchun 10,1 mln so‘m).

Vigour Export kompaniyasi vakili «Gazeta.uz» muxbiri bilan telefon orqali suhbatda, konsentratorlar O‘zbekistonga hali olib kelinmaganligini, va buning sababi sifatida tovarlar faqat 15 ish kuni ichida yetkazib berilishini aytdi. Shu bilan birga, u fotosuratda ko‘rsatilgan konsentrator modellarini uning kompaniyasi tomonidan sotib olinganligi haqidagi ma’lumotni rad etdi.

«Bizning uskunalarimiz yanada kuchliroq va yangi modifikatsiyaga ega. Fotosuratdagi ushbu qurilmani biz yetkazib bermaganmiz… Bu qurilma va bizning qurilma o‘rtasida osmon bilan yercha farq bor. Biznikida imkoniyatlar ko‘proq», — dedi u, ushbu modelning texnik xarakteristikalarini yuborishni va’da qildi (xabar yozilgan vaqtda ma’lumotlar yuborilmagan).

Vigour Export ga Anvar Hamroyev (66,7%) va 100% unga tegishli bo‘lgan Husen Susana Expidition kompaniyasi egalik qiladi.

Korxonalar va tashkilotlar yagona davlat registriga ko‘ra, Vigour Export 2020 yil 21 mayda 300 mln so‘m miqdorida ustav kapitali bilan ro‘yxatga olingan. Asosiy faoliyat turi — parrandachilik. Kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, nizomda parrandachilikdan tashqari faqat 92 ta faoliyat turi, shu jumladan eksport-import operatsiyalari ko‘rsatilgan.

«Gazeta.uz» muxbiri Buxoro viloyati hokimligi va sog‘liqni saqlash boshqarmasining bir nechta xodimlari bilan suhbatlashdi, ammo shartnoma va konsentratorlar to‘g‘risidagi savollarga javob olmadi. Boshqarmadagilar «kislorod konsentratorlari» uchun javobgar bo‘lgan xodim bilan bog‘lashlarini aytishdi, ammo keyinchalik qo‘ng‘iroqlarga javob berishni to‘xtatishdi.