Farg‘onada stikersiz taksi haydovchisi jarima maydonchasi hovlisidagi daraxtga o‘zini osmoqchi bo‘ldi. Farg‘ona viloyat IIB mazkur holat yuzasidan izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, 22 iyul kuni soat 16:10da Farg‘ona shahri va Toshloq tumanlari chegarasida tashkil etilgan karantin postida xizmat olib borayotgan viloyat IIB YHXB xodimi Sh. A Toshloq tumanidan Farg‘onaga qarab harakatlanib kelayotgan toshloqlik fuqaro Yu.N boshqaruvidagi Lassetti rusumli avtomashinani to‘xtatgan. U haydovchidan avtomobilning karantin vaqtida harakatlanishi uchun berilgan ruxsatnomani talab qilgan. Haydovchi esa xech qanday ruxsatnoma taqdim qila olmagan.

Natijada avtomashina vaqtinchalik jarima maydoniga olib kelinib, Farg‘ona shahar Sanitariya epidimiologiya osoyishtalik markazi xodimlari tomonidan fuqaro Yu.N.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi 2-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Fuqaro Yu.N qoidabuzarligi uchun qonunchilikda belgilangan jarima summasini to‘lashdan bo‘yin tovlash maqsadida jarima maydonidagi daraxtga o‘zini osmoqchi bo‘lgan.

Milliy gvardiya xodimlari tomonidan fuqaro Yu.N.ning xatti-harakatlari to‘xtatib qolingan.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan mamlakatda stikersiz harakatlanishga faqatgina kunning muayyan vaqtida (07.00 dan — 10.00 gacha, 17.00 dan — 20.00 gacha) fuqarolarning ish joyiga borib-kelishi, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun harakatlanishiga ruxsat beriladi.

21 iyul kuni esa koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha Farg‘ona viloyat idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtabi tomonidan qabul qilingan bayonga asosan tuman, shahar hokimliklari, viloyat boshqarma va tashkilotlari tomonidan avtotransport vositalarini harakatlanishi uchun joriy etilgan barcha turdagi ruxsatnomalar, ro‘yxatlar, ma’lumotnomalar va stikerlar (Davlat xizmatlari agentligi tomonidan berilgan stikerlar bundan mustasno) 22 iyul kunidan bekor kilindi.

«Shunday bo‘lsada, viloyat IIB YHXB xodimlari tomonidan 22 iyul kuni ham haydovchilarga ushbu bayon mazmuni tushuntirilib, faqatgina ogohlantirish ishlari olib borildi», — deyiladi xabarda.