«Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida» gi kodeksga o‘qituvchilar faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik belgilash moddasi (197⁵ — modda) bilan to‘ldirildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Yangi kiritilgan moddaga ko‘ra, ta’lim muassasalari pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki ta’lim muassasasi pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishga to‘sqinlik qilish javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Bunday huquqbuzarlik sodir etilgani uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining (BHMning) 5 baravaridan 7 baravarigacha (1 mln 115 ming so‘mdan 1 mln 561 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorida (1 mln 561 ming so‘mdan 2 mln 230 ming so‘mgacha) jarima qo‘llaniladi.

Shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa fuqarolarga BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 561 ming so‘mdan 2 mln 230 ming so‘mgacha). Mansabdor shaxslarga esa BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorida (2 mln 230 ming so‘mdan 3 mln 345 ming so‘mgacha) jarima qo‘llanishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, ushbu huquqbuzarlik sodir etilganda ta’lim muassasasining pedagog xodimi ma’muriy bayonnoma tuzmasdan o‘z arizasida huquqbuzarning shaxsi, huquqbuzarlik sodir etilgan joy, vaqt va uning mohiyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hamda boshqa zarur bo‘lgan ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda sudga murojaat qilish huquqiga ega.