Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahridan 200 ga yaqin o‘zbekistonlik talaba charter reys orqali O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida talabalar sanitariya qoidalariga ko‘ra tekshiruvdan o‘tdi. Ularning yuklari ham tegishli tartibda dezinfeksiya qilindi.

Tomsk shahri Sibir federal okrugida tahsil olayotgan ushbu talabalar sog‘lig‘ini saqlash maqsadida o‘rnatilgan tartibda karantinga olinadi va keyinchalik uylariga qaytishadi.

Oldinroq O‘zbekistonlik bir guruh talabalar bosh vazir Abdulla Aripovga videomurojaat yo‘llab, ular uchun charter reys yuborishni so‘rashgan edi. Murojaatda talabalar ahvol kun sayin yomonlashayotganini, ro‘yxatdan o‘tish muddati tugayotgan bitiruvchilarni yotoqxonadan chiqib ketishi so‘ralganini aytishgan edi.