Andijon viloyatida kam ta’minlangan oilalarga ajratilgan mablag‘larning 82,2 mln so‘m pul miqdori talon-toroj qilindi, deya xabar berdi O‘zA, Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lumotlariga tayanib.

Shahrixon tumanidagi «Yakka tut» mahalla fuqarolar yig‘ini mansabdor shaxslari tomonidan kam ta’minlangan oilalar toifasiga kirmaydigan 51 fuqaroga asossiz ravishda moddiy yordam puli to‘lab bergan. Buning oqibatida 82,2 mln so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilingan.

Ushbu holat yuzasidan mahalla fuqarolar yig‘ini mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi «a,v,g» bandlari (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi 1-qismi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.