Muhammadzokir Jo‘raboyevich Mamatxonov O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar qildi.

Muhammadzokir Mamatxonov (1974 yilda tug‘ilgan) Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti (2006) va Prezident akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini (2012) tamomlagan.

U 1998 — 2016 yillarda Pop, Chust, Norin tumanlari, Namangan shahri va Namangan viloyat davlat soliq inspeksiyalari, Namangan viloyati hokimligi va Uychi tumani hokimligida turli vazifalarda mehnat qilgan.

2016 — 2017 yillarda Yangiqo‘rg‘on tumani hokimi bo‘lgan. Mamatxonov 2018 yildan to shu kunga qadar Namangan viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlab kelayotgandi.

U mazkur lavozimda faoliyati yuritgan Baxtiyor Tursunov o‘rnini egalladi.