Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi xarajatlarining katta qismi monopoliyalarga ajratilganiga e’tibor qaratdi. Energetika vazirligi uning fikrlariga e’tiroz bildirdi.

Kusherbayev Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasining daromad va harajatlari haqida to‘xtalib: «mana shunday og‘ir sharoitda ham bizni „boqimanda“, xalq hisobiga kun ko‘rib yurgan monopolistlarimiz „bezbetlarcha“ katta-katta mablag‘larga ega bo‘layotganligi asablarni tarang qilmoqda», — deb yozdi.

Deputat koronavirusga qarshi kurash tadbirlari uchun mamlakat bo‘yicha 907 mlrd, shifoxona va karantin majmualarini qurish va jihozlash uchun jami 684 mlrd. so‘m ajratilgan bir vaqtda, iqtisodiyotni qo‘llab quvvvatlash degan band bilan monopoliyalar «Uzbekistan airways» AJga ssuda tariqasida 406 mlrd, «Uzbekistan airports» AJga ssuda tariqasida 101 mlrd, «O‘zbekneftgaz» AJga subsidiya hisobida 401 mlrd, «Birinchi rezinotexnika zavodi» MCHJga ssuda tariqasida 40 mlrd, «Issiqlik eelektr stansiyalari» AJga subsidiya tariqasida 500 mlrd, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJga ssuda tariqasida 250 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘lar ajratilganini esga soladi.

«Bir nechta monopolistga ajratilgan mablag‘ jami koronavirusga qarshi kurash uchun ajratilayotgan mablag‘dan ham ko‘p. Bu insofsizlik emasmi?», — deb yozadi Rasul Kusherbayev.

U monopoliyalar faoliyatiga to‘xtalib, quyidagicha fikr bildirdi: «Iste’molchi sifatida xalqimizga tanlov imkoniyatini bermaydigan hurmatli monopolchilarimizni faoliyatidan odamlarimiz shu kunga qadar rozi bo‘lib kelganda ham alam qilmasdi. Ayting qaysi biridan biz rozimiz: dunyoda neft narxi minus darajaga tushgan vaqtda ham benzin narxini bir ikki haftaga nomiga tushirib, yana qaytarib qo‘ygan «o‘yinchi» «O‘zbekneftgaz»danmi, bilet narxlari osmon, sifati past «Uzbekistan airways» nomli havo yo‘llaridanmi yo joylarda normal chiroq yoqib o‘tirishdan ham mahrum qilayotgan elektr tarmoqlaridanmi?»

«Mana monopoliyaning oqibati: ular davlat va xalqni tanasidagi zulukdek o‘lguncha so‘rishadi, xalq kulsa ham o‘lsa ham ular doimo yuk, millionlab odamlar bir nechta «erkatoy»ni boqishga mahkum bo‘ladi. Shu sabab, davlat bu zuluklardan kechib maydonni mard, halol, mas’uliyatli raqobatchilarga tezroq bo‘shatib berishi kerak», — deya xulosa qiladi deputat.

Energetika vazirligining javobi

Energetika vazirligi «O‘zbekneftegaz» AJga 401 mlrd so‘mlik subsidiya, «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ uchun 500 mlrd so‘mlik subsidiya va «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ uchun 250 mlrd so‘mlik subsidiya shaklida davlat yordami ko‘rsatilganligini iste’molchilarni, birinchi navbatda O‘zbekiston aholisini muntazam ravishda sifatli gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlash zaruriyati bilan izohladi.

Xabarda, shuningdek ushbu mablag‘larning ajratilishi to‘g‘risidagi qaror Prezident qaroriga asosan maxsus komissiya tomonidan qabul qilinganligi qayd etilgan.

«Ma’lumki, elektr va gaz ta’minoti sohalari barqaror faoliyat yuritishi uchun katta moddiy xarajatlar talab qilinadi. Bu eng avvalo, har kunlik jarayon bilan bog‘liq bo‘lib, unda ulkan sanoat zanjiri ishtirok etadi. Ushbu zanjir tarkibida elektr energiya ishlab chiqaruvchi, yer qa’ridan gaz oluvchi, uni yetkazib berish, taqsimlash bilan, ayni paytda gaz va elektr ta’minoti tizimlarining holatini kuzatish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar mavjud.

Bundan tashqari, har yili yoz faslida bu sohada butun tizimni kuz-qish mavsumiga tayyorlash, yilning sovuq faslida uzulishlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qo‘shimcha ishlar olib boriladi", — deya ta’kidladi Energetika vazirligi.

Shuningdek Energetika vazirligi, karantin davrida O‘zbekiston aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida elektr energiya va gaz ta’minotidan ularning iste’moli uchun o‘z vaqtida haq to‘lamaganlarni tarmoqdan uzmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi va tizimning faoliyat yuritishi uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar bilan ularning iste’moli uchun kelib tushayotgan mablag‘lar o‘rtasida uzulish vujudga kelganligini, ta’kidladi.

«Ayni paytda, to‘lovlar bilan bog‘liq vaziyat yaxshilangach, davlat tomonidan sohani qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan mablag‘lar byudjetga qaytariladi», — deyiladi xabarda.

Energetika vazirligi «deputat Rasul Kusherbayevning balandparvoz fikrlarni bildirishdan avval o‘zi tilga olgan tuzilmalarga murojaat qilgan taqdirda, u shubhasiz tegishli javoblarni olgan bo‘lar edi. Mas’uliyati shaxslar tomonidan bildiriladigan fikrlar masalaning mohiyatini yaxshi bilishga asoslanishi kerak. Buning natijasida faqat asossiz da’volarga o‘rin qolmas edi», — deya ta’kidladi.

Vazirlik pandemiya davrida iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar dunyoning barcha mamlakatlarida, jumladan Yevropa komissiyasi, AQSH hukumati va boshqa mamlakatlar hukumatlari tomonidan qabul qilinayotganligini eslatdi.

Oldinroq, Rasul Kusherbayev UzAuto Motors kompaniyasini Damas larni «ot narxlarida» sotishda va koronavirus bilan bog‘liq og‘ir ahvolga e’tibor bermaslikda ayblagan edi. Kompaniya bunga javoban xayriya maqsadida 37 mlrd so‘mdan ko‘proq mablag‘ ajratganini, lekin deputatlar tomonidan ishlab chiqilgan «Xayriya to‘g‘risidagi» qonun sababli xayriyaga undan ko‘proq sarflay olmasligini aytgan edi.