Chust tumani hududida joylashgan «Namangan» erkin iqtisodiy zonasida Xitoyning Shangan brendi ostida kichik yuk avtomobillari ishlab chiqariladi, deya xabar berdi Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Ushbu erkin iqtisodiy zona Prezidentning 2018 yil 20 avgustdagi farmoniga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, 681 gektar maydonni egallagan. Hozirda bu yerda umumiy qiymati 601 million dollarlik 18 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ulardan ikkitasi — «Chust tekstil» va «Ifoda agrokimyohimoya» korxonalari allaqachon o‘z faoliyatini boshlagan.

Namangan Shangan Motors MCHJ tomonidan loyihaning birinchi bosqichida yiliga 1800 ta 1−1,5 tonna yuk ko‘taradigan 4 xil rusumdagi avtomobillar ishlab chiqariladi va 120 kishi ish bilan ta’minlanadi. Keyingi 3 yil davomida mahalliylashtirishni 50 foizgacha yetkazish va mahsulotning uchdan bir qismini BAA hamda Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilish ko‘zda tutilgan.

Xitoyning Shangan brendiga mansub kichik yuk avtomobillarini ishlab chiqarish «Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi doirasida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Ishlab chiqarishga so‘nggi 10 yil davomida BAAning Ajman shahrida istiqomat qilib kelayotgan asli namanganlik tadbirkor Jobirxon Homidov tomonidan 800 ming dollar, 2 mln dollar xorijiy investorlar ulushi va 3 mln dollar bank krediti, jami 5,8 mln dollar miqdorida investitsiya kiritilmoqda.

«Tadbirkorning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonning o‘zida yiliga 20 mingtagacha shunday rusumdagi avtomobillarga ehtiyoj mavjud. Yaqin va uzoq xorij bozorlari inobatga olinadigan bo‘lsa, ishlab chiqarish ko‘lamini yanada kengaytirish imkoniyatlarini chamalash mumkin bo‘ladi», — deyiladi Namangan hokimligi xabarida.

«Avtomobilsozlik sanoati mashinasozlik sanoatining yetakchi tarmoqlaridan biri sanaladi. U nafaqat mamlakat iqtisodiyotining o‘sishiga, balki mashinasozlik sohasiga qaysidir darajada dahldor bo‘lgan boshqa xo‘jalik tarmoqlarining rivojiga hamda ilmiy — texnik rivojlanish yo‘nalishlari taraqqiyotida ham muhim o‘rin tutadi.

Namangan Shangan Motors tomonidan ishlab chiqariladigan avtomobillarga hozirning o‘zida talab va xaridorlar yetarli ekanligi kishini quvontiradi. Kelgusida bu yerda ehtiyot qismlar tayyorlanadigan boshqa korxonalar ham paydo bo‘lishi va yaxlit majmua yuzaga kelishi ayni muddao bo‘ladi", — deydi Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov.

Ilk avtomobillar 2021 yilning birinchi choragida ishlab chiqarilishi boshlanishi kutilmoqda.