22 iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 18171 nafarni tashkil etmoqda, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Unga ko‘ra, yangi kasallanish holatlarining 131 nafari Toshkent shahrida tana harorati ko‘tarilganligi tufayli profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida, 61 nafar Andijon viloyatida, 50 nafari Surxondaryo viloyatida, 19 nafari Qashqadaryo viloyatida, 16 nafari Namangan viloyatida hamda 13 nafari Xorazm viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Hozirda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan 8554 kishi davolanmoqda. Ulardan 101 nafari og‘ir, 32 nafari o‘ta og‘ir ahvolda, deya baholanmoqda.

Ayni paytda mamlakatda 9521 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sog‘aygan.

Bundan tashqari, 21 iyul kuni COVID-19 asoratlaridan vafot etgan bemorlar soni 97 nafarga yetdi.

Navbatdagi bemor o‘limi Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida yashagan 42 yoshli B.D.da (erkak) bo‘lib, u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani ma’lum qilinadi.

Qayd etilishicha, bemorda 3 iyul kuni «COVID-19» infeksiyasi tasdiqlangan va Qoraqalpog‘iston yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

«Unga „COVID-19“ infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchiligi, semizlik 2-darajasi asoratlari bilan kechgan», — deyiladi xabarda.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.