20 iyul kuni O‘zbekistonning Lissabondagi elchisi Sardor Rustamboyev Portugaliya prezidenti Marselo Rebelo de Souzaga ishonch yorliqlarini topshirdi, deya xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.

Eslatib o‘tamiz, Sardor Rustamboyev shuningdek, O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi hisoblanadi. U 2018 yil sentyabr oyida Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga ishonch yorliqlarini taqdim etgan. U bir vaqtning o‘zida Portugaliya elchisi vazifasini ham bajaradi.

«Marselo Rebelo de Sousa 2019 yil aprel oyida Pekindagi „Bir kamar, bir yo‘l“ sammiti doirasida O‘zbekiston Prezidenti bilan uchrashuvini samimiyat bilan qayd etdi va davlatimiz rahbariga chuqur hurmat va ezgu tilaklarini izhor etdi», — deyiladi xabarda.

Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning kun tartibi va mintaqaviy hamda xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashishdi. Portugaliya rahbari o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlash tarafdori, deb yozadi agentlik.