O‘zbekiston mutaxassislari xitoylik hamkorlar bilan birgalikda koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina sinovlarining so‘nggi — uchinchi uchinchi bosqichini o‘tkazishlari mumkin, deya xabar berdi «Dunyo».

Bu haqda O‘zbekistonning XXRdagi elchisi Baxtiyor Saidov va Xitoyning Sinopharm Group boshqaruvchisi Lyu Szinchjen o‘rtasida bo‘lib o‘tgan COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish imkoniyatlari muhokama qilingan uchrashuvdan so‘ng ma’lum bo‘ldi.

Xitoy China National Biotec Group (CNBG Sinopharm Group tarkibiga kiradi) tomonidan ishlab chiqilgan, faol bo‘lmagan va rekombinant koronavirus vaksinalarini klinik sinovlardan o‘tkazishning ikki bosqichi muvaffaqiyatli yakunlanganini e’lon qildi.

«Yaqinda XXRda aholi o‘rtasida o‘tkazilgan klinik sinovlarning uchinchi bosqichi boshlandi. Shuni hisobga olgan holda, Xitoy korporatsiyasining rahbari shu kabi sinovlarni O‘zbekiston hududida o‘tkazishni taklif qildi», — deya ma’lum qildi «Dunyo».

Shu bilan birga, BAAda ham taxminan 15 ming kishi ishtirokida yangi vaksina sinovlari o‘tkaziladi.

In’eksiyadan keyin inaktivatsiya qilingan vaksinaning ta’sir qilish muddati ikki yil deya baholanmoqda. Bugungi kunga qadar Xitoyda 50 mingdan ortiq odam emlandi, xabar berdi «Dunyo».

Iyul oyida Pekinda vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha ikkinchi zavod qurilishi yakunlandi, bu uning ishlab chiqarish quvvatini yiliga 200 million dozaga yetkazadi. Birinchi zavod esa koronavirus o‘chog‘i hisoblangan Uxanda qurilgan.

11 mart kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi koronavirus infeksiyasi COVID-19 pandemiya ekanligini e’lon qildi. JSSTning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 14 milliondan ortiq kasallik holatlari aniqlangan, 600 mingdan ortiq odam vafot etgan.