O‘zbekiston Superligasining uch klubi — «Paxtakor», «Buxoro» hamda «Surxon»da umumiy hisobda o‘ndan ziyod virus yuqtirib olgan futbolchilar aniqlangani sababli uchrashuvlar 28 iyulga qadar to‘xtatiladi, deya ma’lum qildi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining matbuot xizmati.

«Bugungi kunda vaziyat murakkab ekani sir emas. Bir tomondan futbol uchrashuvlarini to‘xtatish — ortga tashlangan qadam bo‘ladi. Bu holat turli yosh terma jamoalarning xalqaro maydondagi o‘yinlariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Boshqa tomondan esa futbolchi va murabbiylarning, umuman futbol jamoatchiligining sog‘ligi bilan bog‘liq jihatlarni ham yoddan chiqarmaslik kerak. Ular nafaqat o‘z salomatliklarini, balki oila-a’zolari sog‘ligini ham xavf ostida qoldirishlari mumkin», — deyiladi xabarda.

O‘zPFL yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, Superliga uchrashuvlarini 28 iyulga qadar to‘xtatish qarorini qabul qildi. Bunda 28 iyul kuni chempionat 10 turdan boshlab davom ettiriladi. Taqvimning keyingi ehtimoliy ko‘rinishlari alohida muhokama etiladi. TV dasturlar vaqtiga halal bermaslik maqsamida 10-tur uchrashuvlarining barchasi 19:00 da start oladi.

«Unga qadar Superliganing barcha klublari bor diqqat-e’tiborini futbolchilar salomatligiga qaratadi. Klublarning barchasi xususiy klinikalar bilan hamkorlikda test topshiradi. Bunda O‘zPFL o‘zi ro‘yxatdan o‘tkazgan barcha futbolchi va murabbiylar test topshirganiga ishonch hosil qilishi kerak bo‘ladi. Test javoblarini to‘liq taqdim etmagan klublar qolgan jamoalar futbolchilar salomatligini xavf ostida qoldirmaslik uchun musobaqaga qo‘yilmaydi», — deya ta’kidlanadi.

Test topshirgan va uning natijalariga ko‘ra virus aniqlanmagan futbolchilar klub qarorgohiga joylashtiriladi. Ular karantin tartibi yumshatilguniga qadar mashg‘ulotlar va o‘yinlarga o‘z bazalaridan qatnaydi. Boisi, ularning shahar bo‘ylab erkin harakat qilishi, futbolchilar salomatligini, buning ortidan esa chempionat o‘yinlari davomiyligini xavf ostida qoldirishi mumkinligi ma’lum qilinadi.

O‘zPFL avgust oyidagi uchrashuvlarni qanday tashkil qilish va taqvimga qanday o‘zgartirishlar kiritish ustida ish olib boradi. Shuningdek, o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondoshgan klublar direktorlari, bosh murabbiylari hamda shifokorlariga nisbatan keskin choralar ko‘riladi. Virus tarqalishini sun’iy ravishda sir tutayotgan klublarga nisbatan SEOA bilan hamkorlikda ish ochiladi.