Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» Demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov xorijdan O‘zbekiston fuqarolarini olib kelishni to‘xtatishni taklif qildi.

«Viruslarni aniqlash va ular bilan kurashishda Isroil davlatidagi tajriba o‘rgangulik. Ular 2020 yilning 1 sentyabrigacha barcha kiruvchilar uchun chegaralarini yopdi. Nimaga? Chunki ichkariga kirgan har bir inson virusning yangi, borayotgan joyidagi muhitga moslashmagan tipini olib kirishi mumkin. Bu yangi to‘lqin degani», — deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.

Alisher Qodirov xorijdagi fuqarolarni turgan mamlakatlarida davolanishlarini moliyalashtirishni taklif qildi.

«Xorijdan vatandoshlarimizni olib kelishni to‘xtatish, ularni turgan mamlakatlarida davolanishlarini moliyalashtirish haqida o‘ylashimiz kerak. Bu birinchi navbatda o‘sha vatandoshimizning qarindoshlariga, qolaversa butun O‘zbekistonga yaxshilik bo‘ladi. Yana bir yangi shtamm xalqimiz uchun juda og‘ir bo‘ladi», — dedi u.

Avvalroq Isroil 18 martda joriy etilgan chet elliklarning mamlakatga kirishini taqiqlash choralarini 1 sentyabrga qadar uzaytirgan edi. Cheklov xorijdan kelayotgan isroilliklarga taalluqli emas, ular qaytib kelganlaridan keyin 14 kunga karantinga joylashtiriladi.

May oyida Isroilda koronavirus bilan kasallanish holatlari soni qaytadan o‘sishni boshladi. Bugungi kunda 52 mingta holat tasdiqlangan bo‘lib, 22,1 ming kishi sog‘aydi, 415 bemor vafot etdi.

Iyul oyi boshida prezident Shavkat Mirziyoyev xorijda qolgan va vatanga qaytish istagida bo‘lgan barcha O‘zbekiston fuqarolarining qaytarilishini ma’lum qilgan edi.

Shu maqsadda 20 iyuldan 2 avgustga qadar Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Belarus, BAA, AQSH, Isroil va Germaniyadan O‘zbekiston fuqarolarini olib kelish uchun 18 ta charter reys tashkil etilmoqda.