Toshkent viloyati Parkent tumanida Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi Parkent tuman filiali mansabdor shaxslari tomonidan karantin qoidalarini buzgan fuqarolarga istisno tariqasida jarima jazolari tayinlamagani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda 86 nafar fuqaroga qilmishlariga yarasha jarima tayinlanmagani ma’lum bo‘ldi. Ular tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar istisno etuvchi holatlar sifatida rasmiylashtirilgan. Natijada 397,6 mln so‘m miqdorida davlat manfaatlariga zarar yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan filial mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi «a» bandi va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.