Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani hokimligi tumanning Abay OFY hududidagi Qurolpa aholi manzilida katta yo‘l bo‘yida sodir bo‘lgan tartibsizlik bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi, deya xabar qildi «Qaraqalpaq 24» Telegram-kanali.

20 iyul kuni YouTube videoxostingida aholi magistral yo‘lni to‘sib qo‘ygani aks etgan videoyozuv e’lon qilingan edi. Unda yuk tashuvchi va yengil avtomobillardan iborat katta tirbandlik hosil bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Tuman hokimligi axborot xizmatining qayd etilishicha, tomorqalarga suv yetib bormasligi va 10 kun davomida Nayman kanaliga suv kelmagani aholi noroziligiga sabab bo‘lgan. Tartibsizliklar joyiga Beruniy tumani hokimi va mutasaddi rahbarlar yetib borib, qisqa vaqt ichida masala o‘z yechimini topgan, Nayman kanaliga suv yetkazib berilgan.

«Beruniy tumani qishloq ho‘jaligi bo‘yicha 13 ta hududga bo‘lingan bo‘lib, ularda navbatma-navbat sug‘orish tizimi joriy qilingan. Hozirgi kunda haroratning yuqoriligi ekinlarning tez suvsizlanishini keltirib chiqarmoqda», — deyiladi xabarda.

Daryo.uz nashrining yozishicha, fuqarolarning bir necha soat davomida Nayman ko‘prigi yaqinida magistral yo‘lni to‘sishi natijasida uzundan uzoq tirbandlik hosil bo‘lgan.