Fanlar akademiyasining taniqli ikki nafar olimi iqtisodiyot fanlar doktori Ashur Qodirov va akademik Sattor Tursunmuhammedov olam o‘tishdi. Bu haqda Fanlar Akademiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Iqtisodiyot fanlari doktori, taniqli olim Ashur Qodirov 1953 yili Buxoro viloyatining G‘ijduvon shahrida tug‘ilgan. 1974 yil Toshkent xalq xo‘jaligi instituti (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti)ni tamomlagan. U Moskva moliya institutida fan nomzodi darajasini qo‘lgan kiritgan bo‘lsa, doktorlik dissertatsiyasini Sankt-Peterburg moliya-iqtisodiyot universitetida professor V.S.Geraenko rahbarligi ostida himoya qilgan.

Qodirov turli yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining «Pul muomalasi va kredit» hamda «Xalqaro valyuta va kredit munosabatlari» kafedralarida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, Ashur Qodirov 1996 yildan 2006 yilga qadar O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosari, 2006−2017 yillarda «Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat banki boshqaruv raisi maslahatchisi lavozimlarida ishlagan.

«Ashur Qodirov umrining so‘nggi yillarini yoshlarga ta’lim berishga bag‘ishlab, „Mikrokreditbank“ aksiyadorlik tijorat bankining O‘quv markazi direktori sifatida ham faoliyat yuritib, ko‘plab shogirdlarni yetishtirgan». — deyiladi xabarda.

Qodirov, shuningdek, dolzarb iqtisodiy masalalarga bag‘ishlangan qator ilmiy maqolalar muallifi hamdir.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Sattor Tursunmuhammedov 91 yoshida vafot etdi. Akademik ijtimoiy falsafa va sotsiologiya sohasidagi taniqli olim edi.

Sattor Tursunmuhammedov 1929 yili Turkiston shahrida (Qozog‘iston) tug‘ilgan. U Toshkent moliya institutida o‘qituvchi, dotsent, kafedra mudiri (1955−76), ToshDU huzuridagi Oliy o‘quv yurtlari ijtimoiy fanlar o‘qituvchilari malakasini oshirish instituti direktori (1976−79), 1985−1993 yillarda shu institutda ijtimoiy-siyosiy munosabatlar kafedrasining mudiri bo‘lib ishlagan.

Shuningdek, Toshkent pedagogika instituti rektori (1979−83), 1983−1985 yillarda Toshkent xalq xo‘jaligi institutida falsafa kafedrasining mudiri. ToshDU huzuridagi Oliy pedagogika instituti direktori (1993) bo‘lgan. 1995 yildan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida siyosatshunoslik kafedrasi professori bo‘lgan.

2000 yili Sattor Tursunmuhammedov O‘zbekiston Fanlar akademigi unvoniga sazovor bo‘lgan.