21 iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 17590 nafarni tashkil etmoqda, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Unga ko‘ra, yangi kasallanish holatlarining 82 nafari Toshkent shahrida tana harorati ko‘tarilganligi tufayli profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida, 57 nafari Andijon viloyatida, 42 nafari Namangan viloyatida, 36 nafari Sirdaryo viloyatida, 29 nafari Jizzax viloyatida, 23 nafari Qoraqalpog‘istonda hamda 7 nafari Navoiy viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Hozirda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan 8035 kishi davolanmoqda. Ulardan 76 nafari og‘ir, 28 nafari o‘ta og‘ir ahvolda, deya baholanmoqda.

Ayni paytda mamlakatda 9463 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sog‘aygan.

Bundan tashqari, 21 iyul kuni COVID-19 asoratlaridan vafot etgan bemorlar soni 92 nafarga yetdi.

Navbatdagi bemor o‘limi Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 64 yoshli M.M. (erkak) bo‘lib, u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani ma’lum qilinadi.

Qayd etilishicha, bemorda 14 iyul kuni «COVID-19» tasdiqlangan va o‘ta og‘ir holatda Zangiota tumanidagi Ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklari shifoxonasiga o‘tkazilgan.

«Unga „COVID-19“ infeksiyasining og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, ingichka ichak rezeksiyasi va anastomozi operatsiyasidan so‘nggi holat tashxisi qo‘yilgan. Bemorda kasallik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi asorati bilan kechgan. Shuningdek, unda o‘tkir strangulyatsion ichak tutilishi hamroh xastaligi bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

Bemor asosiy kasallik asoratlari hisobiga ahvoli keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.