Koronavirus pandemiyasi davrida Toshkent shahridagi tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilish soni deyarli uch baravar ko‘paydi, dedi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Abduxakim Xojiboyev «Tahlilnoma» dasturida.

«Bir necha oy oldin Toshkent tez tibbiy yordam xizmatiga kuniga o‘rtacha 2300−2400 murojaat kelib tushgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 2,5−3 baravar oshdi va kunlik murojaatlar soni 6000 dan oshdi. Bu juda og‘ir», — dedi vazirning birinchi o‘rinbosari.

Abduxakim Xojiboyevning ta’kidlashicha, agar 15 iyulgacha (o‘sha kuni prezident tez yordam xizmatidagi kamchiliklarni tanqid qilgan edi) Toshkentda 178 ta tez tibbiy yordam mashinasi ishlayotgan bo‘lsa, keyingi uch kun ichida ularning soni 300 taga yetdi.

Har bir oilaviy poliklinika tezkor brigadasining harakatlanishi uchun alohida transport vositasi biriktirilgan. Bemorda pnevmoniya bor-yo‘qligini tekshirish uchun rentgen va kompyuter tomografiyasi zarur. Vazirning birinchi o‘rinbosari qo‘shimcha ravishda har bir poliklinikaga rentgen apparatlari, shu jumladan 120 ta mobil moslama berilishini ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, prezident Shavkat Mirziyoyev buyrug‘iga ko‘ra vazirlik endilikda COVID-19 ga qarshi kurashda yangi strategiyani qo‘llaydi.

«Ilgari tadbirlar ushbu kasallik tarqalishining oldini olishga qaratilgan edi. Hozirgi vazifa — bemorlarni tezkor aniqlash va ularni tezkor davolash, pnevmoniya holatining oldini olish, bemorlarning hayotini saqlab qolish, yo‘qotishlarni kamaytirish», — dedi Abduxakim Xojiboyev.

Prezident tomonidan 15 iyul kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan keyin zudlik bilan yangi tez tibbiy yordam mashinalari, tibbiy asbob-uskunalar va dori-darmonlar sotib olindi, qo‘shimcha yotoq-joylar yaratildi.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevning xabar berishicha, endilikda tez yordam mashinasi 15 daqiqadan kechikmay keladi. 18 iyuldan boshlab shifoxonalar bemorlarni koronavirus testlarisiz qabul qila boshlashdi.