Prezident Shavkat Mirziyoyev bosh vazir Abdulla Aripovga kislorod konsentratorlari va pulsoksimetrlarni O‘zbekistonga tezkor yetkazish bo‘yicha choralar ko‘rishni topshiriq berdi. Bu haqda davlat rahbari 20 iyul kuni mamlakatda amalga oshirilayotgan pandemiyaga qarshi kurash ishlariga bag‘ishlangan videoselektr yig‘ilishi davomida aytib o‘tdi.

Unda prezident tomonidan pandemiya davrida har bir bemorni davolash uchun kislorodga ehtiyoj keskin ortishi bildirilib, Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasi, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya markazi, Toshkent shaxar 1-son klinik shifoxonasi, Respublika birinchi va ikkinchi son klinik kasalxonasida hamda barcha yangi ochilayotgan «provizor» shifoxonalarida 1000 dan ortiq kislorod o‘tkazadigan nuqtalar sonini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.

Toshkent shahri xokimligi, Ichki ishlar vazirligi hamda har bir tuman hokimi o‘z hududida joylashgan tibbiyot muassasalarini doimiy asosda kislorod bilan to‘ldirib borishga shaxsan mas’ulligi belgilandi.

«Chet davlatlarda o‘pka yallig‘langan har bir bemor uchun zudlik bilan kislorod konsentratorlariga maxsus niqoblar kiygizish orqali havo olishini yengillashtirib, qo‘liga pulsoksimetr taqilmoqda va bu bilan bemorning nafas yetishmovchiligi bartaraf qilinmoqda», — deyiladi xabarda. Shu bois, bosh vazirga mazkur tibbiyot jihozlarini imkon qadar qisqa muddatlarda mamlakatga yetkazish topshirig‘i berildi.

Buning uchun, agar kerak bo‘lsa, maxsus samolyot ajratilishi, tadbirkorlar tomonidan kislorod konsentratorlarini O‘zbekistonga olib kirish tartib-taomillarini yengillashtirish choralari ko‘rilishi lozimligi qayd etildi.