Ish kunlari mobaynida O‘zbekiston hududida ob-havo issiq va quruq bo‘ladi, faqat dushanba va seshanba kunlari respublikaning tog‘oldi va tog‘li tumanlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, deya xabar berdi O‘zgidromet matbuot xizmati.

Bu kunlarda havo harorati kunduzi 35−40 daraja, kechasi 20−25 daraja bo‘ladi. Respublikaning ayrim hududlarida, shu jumladan, janubiy va cho‘l zonalarida harorat 42 darajaga yetadi. Bu me’yoriy qiymatlardan 4−6 darajaga yuqoridir.

Harorat fonining yuqori bo‘lishiga qaramasdan, bu respublika hududlari uchun anomal harorat emas. Masalan, 2018−2019 yillarda xuddi shu davrda kunduzgi harorat 40−43 darajagacha yetgan. Respublikaning shimoli va cho‘l zonasida harorat qiymatlari 44−46 daraja bo‘lgani qayd etilgan. Shu davr uchun eng yuqori harorat Navoiy viloyatidagi Buzauboy meteostansiyasida 2019 yil 20 iyulda qayd etilgan va havo harorati 47,7 darajani tashkil etgan.