Avtomobil g‘ildiraklari ostida qolib, halok bo‘lgan bolalar haqidagi yangiliklar deyarli har hafta paydo bo‘ladi. Yo‘l transport hodisalari, shaharning eng xavfsiz bo‘lishi kerak bo‘lgan yerlarida — yashash kvartallarida, ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklarida ham sodir bo‘lyapti. Bolalarning o‘limida odatda haydovchilarni va ularga qaramagan ota-onalarni ayblashadi. Ammo bunda o‘lim xavfi mavjud muhit ham muhim rol o‘ynaydi.

Bir yil avval Yunusobod tumani 11-kvartalidagi ko‘p qavatli uyning o‘yin maydonchasida avtomashina urib yuborishi oqibatida 12 yoshli bolaning halok bo‘lgani katta noroziliklarga sabab bo‘lgan edi.

O‘shanda poytaxtning Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p qavatli binolarning hovlilariga avtomashina kirishini taqiqlash bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazgan edi. Uning natijalariga asoslanib, IIBB shaharda istiqomat qiluvchi aholi chet eldagi kabi o‘z mashinalarini uydan uzoqda qoldirmasliklarini ta’kidladi.


Mashina bolani urib, halok qilgan Yunsuoboddagi hovli. O‘shanda mashina polizga kirgan edi, hozir ham bu qiyinchilik tug‘dirmaydi. Foto: Sabina Bakayeva / «Gazeta.uz»

«Ba’zi fuqarolarimiz taqlid qilishni shunchalik yoqtiradigan xorijiy mamlakatlarda odamlar ofis yoki uyga to‘g‘ridan-to‘g‘ri mashinada kelishning imkoni bo‘lmagan vaziyatlarga xotirjam qarashadi. Ular mashinalarini maxsus ajratilgan avtoturargohda qoldirib, u yerdan belgilangan joygacha piyoda yoki jamoat transportida yetib olishadi», — deyiladi shahar IIBB ma’lumotida.

Shahar IIBB matbuot xizmati mashinasi bo‘lmaganlar uylar hududiga kirishni taqiqlash tarafdori ekanligini ta’kidlagan edi. Shu bilan birga, avtomashina egalari mashinalarni qoldirish uchun joy yo‘qligi bois g‘azablarini yashirishmaydi. «Biroq, odamlarning, birinchi navbatda bolalarimizning xavfsizligini ta’minlash uchun barcha biror chora izlash kerak degan fikrga qo‘shildi».

Biroq, bu borada hech bir ish amalga oshirilmadi. Fojia yuz bergan hovli ham o‘zgarmadi: xuddi oldingidek kabi mashinalar kelib to‘xtashadi, hovli tashqarisida esa hanuzgacha mashina to‘xtashi uchun sharoitlar mavjud emas.


Yunusobod, 11-kvartal. Xavfli va noestetik o‘yin maydonchasi. Foto: Sabina Bakayeva / «Gazeta.uz»

Rivojlangan mamlakatlarda haqiqatda ko‘proq yurish va jamoat transportidan foydalanish odatiy hol. Va odamlar uchun ayni sharoitlarning yaratilganligi bois ular shaxsiy transportdan eshikdan-eshikkacha foydalanishga majbur bo‘lmaydilar.

Quruq statistika

2018 yil ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqida har 1000 kishiga 531 ta yengil transport vositasi to‘g‘ri kelgan. Taqqoslash uchun, 2020 yil boshida O‘zbekiston uchun bu ko‘rsatkich deyarli 6 baravar kam edi — 1000 kishiga 90 ta mashina. Shu bilan birga, 2016 yil statistikasiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida har million kishiga 56 ta, O‘zbekistonda esa — 111 ta YTH natijasidagi o‘lim holati to‘g‘ri kelgan.

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda 2388 ta yo‘l transport hodisalari sodir bo‘lgan. 40% hollarda avtohalokatlar piyodani urgan mashina bilan bog‘liq bo‘lgan, 16% yo‘l transport hodisalari bolalar ishtirokida bo‘lgan.


Ta’lim muassasalari yaqinida tezlikni boshqarish bilan kurashishning eskirgan va samarasiz usullari. Guliston, Sirdaryo viloyati. Foto: Sabina Bakayeva / «Gazeta.uz»

Avtomobillar qanday qilib bizning hayotimizni o‘g‘irlashdi?

Amerikalik va britaniyalik arxitektor Kristofer Aleksandr o‘zining «Andazalar tili» nomli kitobida avtomobillarning soni ma’lum bir chegaradan oshib ketganda va odamlar ularning haddan tashqari ko‘pligini his qila boshlaganda, fuqarolar ongsiz ravishda avtomobillarni endi ularga tegishli bo‘lmagan atrof-muhitning hukmron elementi sifatida qabul qilishlarini ta’kidlagan. Odamlar bu muhitda ular uchun joy yo‘qligi sababli bu yerda yashashga yetarli huquqqa ega emasliklarini his qiladilar.


Yunusobod, 13- kvartal. Avtomobillar ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘lagi eshigi oldida to‘xtab turadi. Piyodalar transport vositalarining g‘ildiraklari ostiga qolmaslik uchun doimo ehtiyotkor bo‘lishga, uylariga kirish va uydan chiqishda ularni aylanib o‘tishga majbur. Foto: Sabina Bakayeva / «Gazeta.uz»

Agar ko‘p qavatli uylarning hovlilariga va umuman, O‘zbekiston ko‘chalariga razm solsangiz — hamma narsa mashinalarga berilgan. Avtomobillar yo‘laklarga, ko‘p qavatli uy-joylarning kirish yo‘laklariga, bir vaqtlar yashil bo‘lgan maysazorlarga, o‘yin maydonchalariga, avtobus bekatlariga qo‘yiladi. Ovqatlanish korxonalari va do‘konlar piyodalar yo‘laklarida to‘xtash joylarini qurishlari mumkin va bu holat hech kimda savol tug‘dirmaydi. Asfaltlangan maydonlarning ko‘payishi obodonlashtirish belgisi hisoblanadi.

Natijada odamlar ko‘chalardan g‘oyib bo‘lishadi, chunki ko‘cha ustidan avtomobillar hukmronlik o‘rnatishadi.

Bugungi turar joy hududi

Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, turar-joylarda transport vositalarining ruxsat etilgan maksimal tezligi soatiga 30 km. Turar-joy maydoni uy-joy binolari orasidagi yer uchastkasi hisoblanadi.

O‘zbekistonning turar-joylarida cheklovchi belgilar kam, haydovchilar ularsiz ham sekin harakatlanishadi degan fikr mavjud.

Asfalt va beton, ko‘chalarning to‘g‘ri trayektoriyasi, ularning haddan tashqari kengligi, ko‘tarilgan piyodalar o‘tish joylarining yo‘qligi va boshqa to‘siqlar — bu haydovchilarni nomaqbul tezlikni oshirishga undaydigan va haqiqatda hatto turar joylarda ham avtomobillarning piyodalardan ustunligini bildirib turadigan sharoitlardir.

Hukumat idoralari hech qanday chora ko‘rmagani uchun, fuqarolar tashabbusni o‘z qo‘llariga olishadi va tezlikni oshirishga to‘sqinlik qiladigan vositalarni («lejachiy politseyskiy») o‘rnatishadi. Ammo harakatni tinchlantirishning bu umidsiz chorasi masala atroflicha ko‘rib chiqilmaguncha to‘liq ish bermaydi.

1977 yilning o‘zidayoq Kristofer Aleksandr turar-joy binolarining hovlilari yaqin atrofda ishlaydigan korxona ishchilarining mashinalari uchun mo‘ljallangan bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlagan. Bu korxonalar turar-joy binolari yaqinida joylashmasligi kerak degani emas. Aksincha, uy yaqinidagi ish joyi ko‘p fuqarolar uchun qulay. Bundan tashqari, bu shaxsiy avtomashinadan voz kechish sabablaridan biri. Ammo xodimlar kvartallar ichida mashinalarini qoldirishsa, bu mikrorayonlarning odamlar yashashi uchun mo‘ljallangan tinch joy bo‘lishi bo‘yicha, g‘oyani yo‘qqa chiqaradi.

Toshkentning ko‘pgina mikrorayonlari bu yerdagi hovlilarga umuman e’tibor bermaydigan begona haydovchilarning avtoturargohiga aylanmoqda.


Mustaqillik shoh ko‘chasining ko‘rinishi, Toshkent. Butun ko‘cha bo‘ylab binolarda ko‘plab ofislar mavjud. Odatda ushbu tashkilotlar xodimlarining avtomashinalari turar-joy binolarining hovlisiga qo‘yiladi. Foto: Sabina Bakayeva / «Gazeta.uz»

Poytaxtning markaziy ko‘chalari bo‘ylab to‘xtash umuman taqiqlangan. Bularga, masalan, Nukus, Mustaqillik ko‘chalari, deyarli butun Alisher Navoiy shoh ko‘chasi va Shahrisabz ko‘chasining bir qismi kiradi. Bu hududlarda joylashgan banklar, davlat idoralari, korxona va boshqa tashkilot xodimlari piyodalar yo‘laklariga va turar joy hovlilariga kirib, aholi tinchligini buzishga majbur. Ba’zan u yoki bu delegatsiyaning o‘tishi munosobati bilan ko‘chani bo‘shatish toprishilgan Yo‘l patrul xizmati xodimlarining o‘zlari xodimlarni hovlilarga kirishga majburshadi.

Shu bilan birga, ko‘cha bo‘ylab mashinani qoldirish — bu turar joy hovlilari va piyodalar yo‘laklarini avtomobillardan saqlash imkonini beruvchi dunyo miqyosidagi amaliyotdir. Bundan tashqari, yo‘l bo‘ylab to‘g‘ri qoldirilgan transport vositalari vakolatli belgilar bilan birgalikda yo‘lovchi va velosiped haydovchilarni tez harakatlanadigan transport vositalaridan himoya qiladigan to‘siq vazifasini bajaradi.


Turin markazidagi ko‘cha, Italiya. Avtomobillar ko‘cha bo‘ylab qoldiriladi. To‘xtatilgan avtoransport va velosiped yo‘lakchasi o‘rtasida avtomobildan chiqayotgan yo‘lovchi va velosiped haydovchisini, bir-biridan himoya qiluvchi bufer hududi chizilgan. To‘xtatilgan mashinalar velosiped haydovchilarini o‘tib ketayotgan mashinalardan himoya qiladi. Foto: Sabina Bakayeva / «Gazeta.uz»

Yashash hududlarini qanday xavfsiz qilish kerak?

Bunga turar-joy massivlarida avtotransportning juda sokin harakatlanishi orqali erishiladi. Avtomobillar, ushbu kvartal aholisiga tegishli bo‘lsa ham, turar-joylar mehmonlaridir. Atrof-muhit haydovchilarga ustuvorlikni kutmasliklari kerakligini bildirishi kerak, chunki piyodalar bu yerda bo‘lish huquqiga ko‘proq egalar.

«Darvozalar»

Haydovchilar darhol qayerdaliklarini tushunishlari uchun turar joy hududiga kirish aniq bo‘lishi kerak. «Darvoza» vazifasini nafaqat arkalar yoki ko‘priklar o‘tashi mumkin, balki binolar orasidagi tor yo‘laklar, daraxtlar bilan qoplangan xiyobonlar, binolardagi ochiq qoldirilgan joylar, o‘tish joylarini toraytiruvchi daraxtlar yoki gulzorlar, yoki haydovchilarni tezlikni kamaytirishga majbur qiluvchi yo‘laklar bilan balandlikdagi farqlar ham ushbu rolni o‘ynashi mumkin.


Belgilar va gulzorchalar yordamida o‘tish joylarini sun’iy toraytirish. Foto: Arkadiy Gershman / Livejournal.

Bularning barchasi bitta vazifani bajaradi — yo‘l va turar-joy hovlisiga kirish o‘rtasidagi chegarani belgilaydi va bu chegaraning mavjudligini bildirib turadi.

Zigzagsimon trayektoriya va torayish

Qatnov qismining uzunligi haydovchilarga ularning harakatda ustunligi borligiga ishonch bermasligi kerak. Aks holda, ular bilmagan holda tezlikni oshirib yuborishlari mumkin.

Avtotransport vositalarining harakatlanish tezligini pasaytirish uchun kamida har 50 metrda to‘siqlar (zigzagsimon yo‘l, aylanib o‘tish kerak bo‘lgan yo‘l chetidagi gulzorlar, daraxtlardan yoki silliq tepaliklardan vujudga kelgan torliklar) yaratish kerak. Bu doimiy sekin harakatni ta’minlaydi. Shu bilan birga, to‘siqlar ruxsat etilgan tezlikda harakatlanayotganda xavf tug‘dirmasligi kerak.


Qatnov qismining zigzagsimon trayektoriyasi avtomashinalarning bemalol harakatlanishini ta’minlaydi. Foto: Arkadiy Gershman / Livejournal.

Ko‘chaning bir qismini mashinalarga kirishni to‘siqlar bilan chegaralash, gulzorlar ko‘tarish, yoritish ustunlari va o‘rindiqlar o‘rnatish, piyodalar o‘tish yo‘laklarini chizish orqali faqat piyodalarga berish mumkin. Bu ishlarni amalga oshirish uchun uylarni buzish yoki katta mablag‘larni tikishning keragi yo‘q, bularning barini kichik byudjet hisobidan qilish mumkin.

Tepaliklar

Vaqti-vaqti bilan, ayniqsa odamlar harakatlanadigan joylarda, ko‘chaning bir qismini ko‘tarish mumkin. Bular bizning ko‘chalarimizda odatiy bo‘lgan mashinani sakrashga majbur qiladigan to‘siqlar («lejachiy politseyskiy») emas, balki silliq o‘tishi mumkin bo‘lgan, ammo yuqori tezlikda bosib o‘tib bo‘lmaydigan to‘laqonli tepaliklar bo‘lishi kerak.

Dekorativ qoplama

Yo‘l sirtiga tekstura materiallaridan foydalanish transport vositalarining tezligini pasaytirish imkonini beradi. Kvartal ichkarisidagi yo‘llar sirtining qoplanishi avtomobil yurishini hisobga oladi, ammo uning ustunlik qilishiga imkon bermaydi, deb yozadi Kristofer Aleksandr. Bu nisbatan qimmat bo‘lishi mumkin, ammo materiallarning mustahkamligi hisobiga sarflangan mablag‘lar oqlanadi.


Dublinning turar-joy maydonidagi tosh bilan bezatilgan ko‘cha, Irlandiya. Foto: William Murphy / Flickr.

Umumiy maydon

Umumiy maydon — bu bolalar o‘ynashi, kattalar bog‘ jihozlarida o‘tirishi va suhbatlashishi, avtomobillar esa yurishi mumkin bo‘lgan joy. Umumiy maydonlar yuqorida tilga olingan tezlikni pasaytirishning barcha usullarini o‘z ichiga olishi kerak. Haydovchilar esa qatnov qismidan insonlar foydalanishlari mumkinligini yodda tutishlari kerak.


Amsterdam shahri turar-joy hududidagi umumiy maydon, Niderlandiya. Foto: Atze Broncko / Flickr.

Agar umumiy maydonlarni hamma joyda ham qo‘llash imkoni bo‘lmasa, u holda trotuarni kamida 15 santimetrga ko‘tarish yoki o‘simliklar, ustunlar va gulzorlardan foydalanib, yo‘l va yo‘l o‘rtasida tabiiy to‘siq yaratish kerak.

Kristofer Aleksandrning ta’kidlashicha, agar trotuarning kengligi 3,7 m dan kam bo‘lsa, piyodalar o‘zlarini mashinalar tomonidan siqib qo‘yilgandek va xavf ostida qolgandek his qila boshlaydilar. Shuning uchun, yo‘lak qanchalik keng bo‘lsa, shunchalik yaxshi va odamlar avtomobillardan ustun ekanliklarini anglab turishadi.

Nimadan boshlash kerak?

Sinov ko‘chalari

Boshqa mamlakatlarda ish bergan standartlar ishlab chiqilib, mahalliy sharoitlarga moslashtirilganda, turli tumanlardagi sinov loyihalarini boshlash uchun bir nechta hududni tanlash jarayoniga o‘tish mumkin. Bunda nafaqat yangi mikrorayonlar, balki mavjudlari ham bo‘lishi kerak. Katta tirbandligi bo‘lmagan ko‘chalarni tanlash maqsadga muvofiq.


Abdulla Qahhor ko‘chasi, Toshkent. To‘g‘ri trayektoriyali qatnov qismi juda keng. Belgilari yo‘q, ko‘chada bolalar uchun xavf tug‘diradigan juda keng ariqlar mavjud. Foto: Sabina Bakayeva / «Gazeta.uz».

Sinov hududlari bo‘yicha tahlil o‘tkazish: harakat tezligini, kvartal chegarasidagi va qo‘shni ko‘chalardagi joriy tirbandlikni o‘lchash kerak. Yo‘l transport hodisalari qanchalik tez ro‘y berishini, avtoturargohga bo‘lgan ehtiyoj qandayligini, u hozir qayerda joylashgani va kelajakda qayerda joylashishi mumkinligini aniqlash kerak.

Turar joy hududida sirtlarning qanday turlari ishlatilganligi va ularning holatini, daraxtlar qanday joylashganligini, odamlar eng ko‘p qayerda kesishishini, bolalar bog‘chalari, maktablar va do‘konlar qayerda joylashgani va odamlarning qanday yetib borishini, axlat qutilarining yetarliligi, ulardan qanday foydalanishlari, mulk chegaralarining qayerdan o‘tganligi, qayerda yer noqonuniy olib qo‘yilganini va boshqalar e’tiborga olinishi lozim.

Mantiqan yondashish

Har bir qaror maqsadli bo‘lishi kerak. Velosiped haydash yo‘lakchasini qurib, burilishda uni tugatib qo‘yish mumkin emas. Piyodalar va velosiped yo‘lakchalari maktablar, avtobus bekatlari, do‘konlar va boshqa infratuzilmalarga olib borishi kerak.


Yunusobod, 11-kvartal. Avtomobillar kirish yo‘laklari hamda polizlarda qoldirilgan. Uyoldi bog‘lar jonsiz. Foto: Sabina Bakayeva / «Gazeta.uz».

Aholi yordamini olish

Aholini qo‘llab-quvvatlash hal qiluvchi ahamit kasb qilishi darkor. Agar odamlar ularning ko‘chalarida transport harakati xavfli va yaxshisi uydan chiqmaslik deb hisoblasalar, katta ehtimol bilan ular o‘zgarishlarga rozi bo‘lishadi.

Odamlarni xabardor qilish uchun barcha vositalardan foydalanish va ular uchun tushunarli bo‘lgan tilda gaplashish kerak.

Bu jarayonga kimlarni jalb qilish kerak?

Bolalar, yoshlar, qariyalar va nogironlarga alohida e’tibor qaratish kerak. Bu guruhdagilarni unutib, qulay va xavfsiz muhit qurish mumkin emas.

Barcha favqulodda xizmatlar qisman jarayonda ishtirok etishi kerak, chunki ular turar-joylarga kirish huquqiga ega bo‘lishi lozim. Texnik xizmatlarning loyihada ishtirok etishi kelajakda harakatlanish yoki aloqa qidirishda tushunmovchiliklarning oldini olishga yordam beradi.

Odamlar bilan gaplashish

Aholidan o‘zlarining hovlilari hududidan hozir qanday foydalanishlarini va kelajakda undan qanday foydalanishni xohlashlarini so‘rash zarur.

Hozir odamlarga ko‘chalar va maydonlar ular uchun mos emasligini ko‘rsatish kerak. Agar ko‘chada uchrashuvlar o‘tkazilsa, ularda avtomobillar hukmronligi aniq bo‘ladi. Undan tashqari, tashqarida aholining infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha yangi g‘oyalari paydo bo‘lishi mumkin. Shuningdek, bu yig‘ilishlarga ko‘proq odamlarni jalb qiladi, chunki odamlar qiziquvchan — ularga derazadan tashqarida nima sodir bo‘layotgani qiziq, ular energiya tejashga moyildirlar — ular yig‘ilishda ishtirok etish uchun mashinada yurishni yoki uzoqqa borishni xohlamaydilar.

Odamlarga tanlash erkinligini berish

Odamlar hukumat qarorlarining natijalaridan faolroq bahramand bo‘lishlari, infratuzilmani moliyalashtirishga sarflangan mablag‘larni asrashlari uchun ularga qisman qaror qabul qilish erkinligini berish kerak.

Masalan, aholi loyihaning barcha ishtirokchilari bilan muloqot qilish orqali o‘z hududlari uchun eng mos chizmani tanlashda kelishishi mumkin. Odamlar taklif qilingan variantlardan mustaqil ravishda o‘zlariga yoqadigan o‘rindiqlar, bolalar uchun arg‘imchoqlar va mashq jihozlari, gulzor shakllari, chiroq ustunlari, o‘simliklar tanlashlari mumkin.

Fuqarolarni loyiha uchun qisman mas’ul qilish

Aholi muzokaralarda, uchrashuvlarni tashkil etishda va o‘tkazilishida ishtirok etishiga, muhim qarorlarni birgalikda qabul qilishiga, dizayn maslahatchilar va pudratchilarni tanlashda qatnashishiga ishonch hosil qilish lozim.

Aholi mustaqil ravishda so‘rovnoma o‘tkazishi, shuningdek uning natijalari bilan jamiyatni tanishtirishi mumkin. Odamlarni shuningdek, hudud obodonlashtirish ishlariga jalb qilish mumkin.

Masalaga realistik yondashish

Yashash joylari kreativ yechimlarni talab qiladi, ammo ular ham pragmatik va real bo‘lishi, bajarilishi kerak. Odamlar hamma narsa shaffof ekanligini ko‘rishlari kerak. Bajarilmaydigan narsani va’da qilishning hojati yo‘q.

Shaffof bo‘lish

Loyihaning daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi hisobotlarni ochish va ularni oson tekshiriladigan qilish kerak. Aholi, OAV va homiylarga barcha ma’lumotlarni solishtirish uchun imkon berish kerak. Bu aholining hukumatga bo‘lgan ishonchini tiklashning eng yaxshi usullaridan biridir.

Estetika haqida unutmaslik

Loyihaning har bir elementi butun dizaynning bir qismi bo‘lishi kerak. Har bir o‘rindiq, chiroq ustuni, daraxt, belgi yoki tepalik ko‘chaning to‘liq chizmasiga nisbatan hisobga olinishi kerak. Shunday qilib, butun shahar ko‘rinishining dizayn kodi yaratiladi. Agar shahar go‘zal bo‘lsa, unda odamning sayr qilgisi keladi, u yerda kishi qolishni istaydi va chet eldan ushbu shaharga qaytgisi keladi.

Monitoring o‘tkazish

Loyiha yakunlangandan so‘ng aholining chizmadan, uning elementlaridan, loyiha xavfsizligidan qoniqishini o‘rganish kerak. Harakat tezligini, to‘xtash joylaridan foydalanish darajasini, infratuzilmani saqlashni, o‘simliklarni parvarish qilishni, favqulodda xizmatlarning mavjudligini o‘lchash kerak.

Balki ba’zi chizmalarni aholining fikridan kelib chiqib, to‘g‘rilash kerak bo‘lishi mumkin. Shu orqali kelajakdagi loyihalarda xatoliklarga yo‘l qo‘yishning oldini olish mumkin.

Qanday natijalarga erishish mumkin?

Odamlar o‘zlarini xavfsiz his qilishadi va turar-joylardagi jamoat joylaridan samarali foydalanishni boshlashadi: tez-tez sayr qilishadi va velosipedda aylanishadi, bu ularning sog‘lig‘ini yaxshilaydi.

Ko‘chalar jozibador ko‘rinish hosil qiladi. Mukammal holda, atrof-muhit yaxshilanadi va odamlar o‘zlari istiqomat qiladigan joyni parvarishlay boshlaydilar.

Niderlandiyada olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, turar-joy massivlarida transport vositalarining o‘rtacha tezligi soatiga 13 dan 25 km gacha, shu bilan birga qancha ko‘p choralar ko‘rilgan bo‘lsa, tezlik shunchalik pasayadi.


Amsterdamdagi turar-joy hududi. Foto: Google Maps.

Nemis tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, harakatni tinchlantirish choralari ko‘rilganidan 10 yil o‘tgach, o‘lim soni 100 ming aholiga 6,2 holatdan 2,3 gacha kamaydi.

Buyuk Britaniyada ushbu choralar piyoda bolalar ishtirokidagi YTHlarni kamaytirishda eng samarali deb topildi. Bundan tashqari, ular haydovchilarning oddiy yo‘llarda harakatlanishiga ham ta’sir qiladi, bu o‘z navbatida turar-joylardagi muhit o‘zgarishi sababli yo‘l transport hodisalari sonini kamaytiradi. Boshqacha qilib aytganda, turar-joylarning rivojlanishi haydovchilarda yaxshi odatlarni rivojlantiradi.

Ta’kidlash joizki, turar-joy hududlarini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar faqat katta transport strategiyasining bir qismi sifatida ko‘rib chiqilishi kerak. Keltirilgan yechimlar — mashinalardan voz kechish va ularning sonini kamaytirish uchun sabab emas, albatta.

Turar joylar yaqinida avtomobillar to‘xtashi uchun joy topishda to‘g‘ri yechimni qanday topish mumkin, ko‘p qavatli avtoturargohlar maqbul yechimmi va yer osti to‘xtash joylariga ehtiyoj bormi — «Gazeta.uz»ning keyingi materiallarda o‘qing.

Maqolaning to‘liq shaklini rus tilida quyidagi havolada o‘qish mumkin.