Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasida qamoqqa olingan gubernatorni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda.

Xabarovsk o‘lkasining gubernatori Sergey Furgal 9 iyul kuni Rossiya tergov qo‘mitasi va FXX tomonidan qo‘lga olindi. Moskvaning Basman sudi uni 9 sentyabrgacha qamoqqa olib, «Lefortovo» SIZOsiga joylashtirdi.

Gubernator 2004−2005 yillarda tadbirkorlik faoliyati davomida suiqasd uyushtirganlikda ayblanmoqda. O‘sha yillarda Xabarovsk o‘lkasida bir necha tadbirkorlar, xususan Yevgeniy Zorya, Oleg Bulatov, Aleksandr Adamov va Roman Sandalovlar o‘ldirilgan. Tergov qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra o‘sha vaqtda Furgalning ushbu shaxslar bilan o‘zaro nizoda bo‘lgan. Sergey Furgal barcha ayblovlarni inkor qilib, ushbu jinoiy ishlarga aloqasi yo‘qligini aytgan.

Furgal mamlakat prezidenti ishonchini yo‘qotganligi bois iste’foga chiqarilib, uning o‘rniga LDPRning Davlat dumasidagi deputati Mixail Degtyaryovni vaqtincha gubernator vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Xabarovsk gubernatori qo‘lga olinganidan keyin, aholi ommaviy namoyishlarga chiqishdi. Mamlakat IVV sining ma’lumotlariga ko‘ra, 11 iyul kungi mitinglarda 12 ming kishi qatnashgan, 18 iyul kuni namoyishlar qatnashchilari soni 10 mingga yaqin bo‘lgan. Koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida, hukumat aholini mitinglarda qatnashishdan tiyilishni so‘radi.

Foto: zimbru_khv / Twitter

Siyosatshunos Gleb Kuznetsov ushbu ish yuzasidan izoh berar ekan, quyidagicha fikr bildirdi: «Bu o‘lkalarda Furgal oilasi metall va lom bo‘yicha eksport-import operatsiyalarini amalga oshirib, 90 yillar va 2000 yillar boshida jinoiy olam bilan munosabatlardan o‘zini olib qochmas edi. Bundan keyin ular siyosatga o‘tib ketishdi, lekin eski aloqalar yo‘qolmaydi».

Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoiy ishni Furgal olib borgan siyosat bilan bog‘lash kerak emas. «Men Furgalning gubernatorlik faoliyatini va siyosiy karera boshlashidan oldin qilgan bizneslarini ajratgan bo‘lar edim», — deydi u.

Aleksey Navalnыyning Xabarovskdagi shtabi koordinatori Aleksey Vorsinning fikriga ko‘ra, Furgalning qo‘lga olinishi konstitutsiyaga o‘zgartirishlar uchun ovoz berishda Xabarovsk o‘lkasidagi yomon natijalarga bog‘liq. Yangi konstitutsiyaga ovoz berishda ovoz beruvchilarning 44 foizi qatnashgan, 62 foiz qatnashganlar o‘zgartirishlarni ma’qullab ovoz bergan.

«Furgal 2005 yilda tashkil etilgan suiqasd bo‘yicha ayblanmoqda. O‘shandan keyin u o‘lka dumasida va 11 yil davlat dumasida deputat bo‘ldi, lekin norozilik kayfiyatlari fonida gubernator bo‘lmagunicha u huquqni muhofaza qilish organlarini qiziqtirmas edi».

Sergey Furgal. Foto: RIA Novosti

Aleksey Vorsinning aytishicha, yarim yil oldin Rossiya prezidentining Dalnыy Vostok federal okrugi bo‘yicha muxtor vakili Yuriy Trutnev Sergey Furgalga uning Xabarovskdagi reytingi prezident Putinning reytingidan yuqori ekanligi uchun tanbeh berganligi to‘g‘risidagi audioyozuv ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan edi.

Vorsinning fikriga ko‘ra, Furgal Davlat dumasi deputatligida qolsa, jinoiy ish ochilmasligi mumkin edi. «Furgal suiqasdlarga aloqador bo‘lishi mumkinmi? Men umuman hayron bo‘lmayman. Bu siyosiy ishmi? Albatta, ha: hozir Furgal Davlat dumasida qolganida edi, hech qanday Tergov qo‘mitasi bezovtalanmas edi», — deydi u.

Ma’lumot uchun, Sergey Furgal 1990 yillarda shifokor sifatida ishlab, keyinchalik tadbirkorlikni boshlagan. U avval Xitoydan keltirilgan mahsulotlar va taxta bilan shug‘ullangan bo‘lsa, keyin qora va rangli metallar lomiga o‘tgan. 2005−2011 yillarda LDPR ning hududiy bo‘linmasi rahbari bo‘lgan, Xabarovsk o‘lkasi dumasining deputati, keyinchalik Rossiya Davlat dumasida deputat bo‘lgan.

2018 yilda Sergey Furgal Xabarovsk gubernatorligiga saylanadi. O‘shanda u 69,57 foiz ovoz to‘plab, amaldagi gubernator «Yedinaya Rossiya» partiyasi nomzodi Vyacheslav Shportni (27,97 foiz) ustidan g‘alaba qozonadi.

Oradan bir yil o‘tib, 2019 yil sentyabrida o‘tkazilgan saylovlarda Furgal partiyasi LDPR eng ko‘p mandatlarni qo‘lga kiritadi: Xabarovsk dumasiga, davlat dumasiga, Xabarovsk hamda Komsomolsk qonunchilik dumalariga.