France Football nashri 2020 yilda «Oltin to‘p» mukofoti berilmasligini e’lon qildi.

Jurnal buni koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan holatlar bilan izohladi, buning natijasida mukofotni topshirish uchun adolatli sharoitlar yo‘qligini bildirib o‘tdi. O‘z o‘rnida, boshqa sovrinlar ham egasiz qoladi: eng yaxshi darvozabon, eng yaxshi yosh o‘yinchi va eng yaxshi ayol futbolchiga beriladigan mukofotlar.

«Biz ushbu mukofotning ta’rifida „koronavirus inqirozi tufayli favqulodda holatlarda qo‘lga kiritilgan mukofot“, degan izoh yozishni xohlamaymiz», — deyiladi jurnal bayonotida.

Nashr ba’zi mamlakatlarda futbol mavsumi muddatidan oldin yakunlanganini inobatga olgan holda, futbolchilarni adolatli baholab bo‘lmasligini qayd etib o‘tdi.

Xabar qilinishicha, eng yaxshi futbolchi unvoni 1956 yilda ta’sis etilganidan beri birinchi marta qoldirilmoqda. Eslatib o‘tamiz, «Oltin to‘p» mukofotining amaldagi egasi «Barselona» hujumchisi Lionel Messi hisoblanadi.