Koronavirus pandemiyasi davrida aholining tibbiy yordamga o‘sgan ehtiyojini qondirish maqsadlarida «O‘zavtosanoat» AJ korxonalari tomonidan Volkswagen Caddy, ISUZU D-Max va Chevrolet Damas avtomobillari bazasida maxsus jihozlangan tez tibbiy yordam avtomobillari taqdim etildi, deya xabar berdi aksiyadorlik kompaniyasining matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, «Jizzax avtomobil zavodi» ham Toshkent shahar tibbiyot muassasalariga Volkswagen Caddy bazasida tez yordam avtomobillarini keyingi haftadan yetkazib berishni boshlaydi.

«Avtomobilni jihozlash bilan Turin politexnika universiteti bitiruvchilaridan iborat Turin Invest Engineering mahalliy kompaniyasi shug‘ullanmoqda. Kompaniya muhandislik ishlanmalari (loyihalashtirishdan to foydalanishga topshirishgacha)ga ixtisoslashadi. Kompaniya tasarrufida mexatronika, metrologiya laboratoriyalari va mamlakatda o‘xshashi bo‘lmagan yuksak texnologik jihozlar mavjud», — deyiladi xabarda.


Bundan tashqari, Samarqand avtomobil zavodidan ham Isuzu D-Max pikapi bazasidagi ambulanslar partiyasi yo‘lga chiqdi: 27 ta tez yordam mashinasi shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasiga topshirildi.

Isuzu D-Max pikapi bazasidagi tez tibbiy yordam avtomobilining yangi modeli Samarqand zavodida 2020 yil may oyidan boshlab chiqarilmoqda. Avtomobil yuqori o‘tuvchanlikka ega, manyovrchan va ishonchliligi hamda tejamkorligi bilan ajralib turadi. Bundan tashqari, ambulans, aynan qaysi tibbiy yo‘nalishda ishlatilishiga qarab, talab va maqsadlarga ko‘ra qo‘shimcha jihozlanishi mumkinligi ta’kidlanadi.


Tez yordam xizmati maxsus sanitar avtoparkini kengaytirish va pandemiya davrida bemorlarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish maqsadlarida UzAuto Motors mamlakat mintaqalariga Chevrolet Damas avtomobili bazasida tayyorlangan tez yordam avtomobillari partiyasini jo‘natdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi talablariga muvofiq jihozlangan 250 dona tez yordam avtomobili poytaxt va mintaqalar hokimliklari buyurtmasiga ko‘ra yetkazib berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar hokimligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan COVID-19 pandemiyasi bilan samarali kurashish uchun 50 dona Damas rusumli avtomobillar xarid qilingani haqida xabar bergandik.