Koronavirus infeksiyasiga chalingan ikki nafar toshkentlik bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdilar, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashovchi 51 yoshli V.T. (erkak)da joriy yil 5 iyul kuni «COVID-19» tasdiqlangan va u Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

«Unga „COVID-19“ infeksiyasi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik sepsis, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchilik kabi asoratlar bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi hamroh kasalliklari bilan ham og‘rigan», — deyiladi xabarda.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Shuningdek, Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashagan 42 yoshli S.S. (erkak)da joriy yil 17 iyul kuni «COVID-19» tasdiqlangan va u o‘ta og‘ir ahvolda Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan va sun’iy nafas berish apparatiga o‘tkazilgan.

Bemorga «COVID-19» infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Bemorda kasallik sepsis, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 4-darajasi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchilik kabi asoratlar bilan kechgan. U yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, qandli diabetning dekompensatsiya bosqichi kabi hamroh xastaliklar bilan ham og‘rigan.

Hamroh kasalliklar fonida kasallik asoratlari hisobiga bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani ma’lum qilinadi.