Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov va Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov koronavirusga chalindi. SSV matbuot xizmati xabarida bu haqda so‘z boradi.Musa Yerniyazov. Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz»

Xabarga ko‘ra, Musa Yerniyazov Nukus, To‘ra Bobolov esa Toshkentda davolanmoqda. Ularning holati Germaniyaning yetakchi tibbiyot mutaxassislari tomonidan ham tahlil qilingan. Bugungi kunda ularning holati stabil deb topilgan, olib borilayotgan davolash taktikasi to‘g‘riligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan standartlar asosida olib borilayotgani ta’kidlangan.

To‘ra Bobolov. Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz».

Qayd etilishicha, sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov boshchiligidagi bir guruh soha vakillari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurishdi. U yerdagi mavjud holat o‘rganilib, olib borilayotgan profilaktika, epidemiologiya tadbirlarining sifati tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Respublikaga tashrif buyurgan guruh tomonidan ularni davolashdagi yondashuvlar o‘rganildi, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqarilgan standartlar, protokollarga rioya etilish darajasi audit tekshiruvidan o‘tkazildi.

«Asosiysi, ahvoli og‘ir bemorlar holati, ularni davolash jarayonini tahlil qilish va kerakli o‘zgartirishlarni kiritish maqsadida xorijlik va mahalliy mutaxassislar va olimlar ishtirokida videokonferensiya tashkil etildi», — deyiladi xabarda.

Unda Yevropa anesteziya va intensiv terapiya jamiyatining prezidenti, Frankfurt universiteti klinikasidagi Anesteziya, intensiv terapiya va kasalliklarni davolash klinikasi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Kay Zaxarovskiy hamda Frankfurt universiteti klinikasining anesteziologiya, intensiv terapiya va shoshilinch tibbiyot yo‘nalishidagi mutaxassisi, tibbiyot fanlari doktori Xolger Neb ishtirok etishdi.

«Koronavirus bilan kasallangan bemorlarni samarali davolash usullarni ishlab chiqqan Germaniyaning yetakchi tibbiyot mutaxassislari ahvoli og‘ir bemorlarni samarali davolash bo‘yicha zarur tavsiyalarni berdilar, natijada davo-muolajalarini korreksiya qilishga erishildi», — deyiladi xabarda.