O‘zbekistonda ikkita eng yirik shakar ishlab chiqaruvchi «Angren shakar» va «Xorazm shakar» zavodlari xom ashyo yetishmovchiligi sababli ishlab chiqarishni to‘xtatdi, deya xabar berdi korxonalar rahbarlari O‘zA agentligiga (avvalroq O‘zA fabrikalarning yopilgani haqida yozgan edi).

«Angren shakar» bosh direktori Rustam Akbarxo‘jayev va «Xorazm shakar» bosh direktori Umidjon Komilovning qo‘shma bayonotida, yangi xom ashyo partiyasi kelgunga qadar uskunalarni profilaktik tozalash ishlari olib borilayotganini ta’kidlangan.

«Chet ellik sheriklar bilan xom ashyo masalasini hal qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Yaqin kunlarda ikkala zavod ham to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaydi», — deyiladi bayonotda.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, iyul oyida ikkita ishlab chiqaruvchi korxona 12 ming tonna shakarni birja savdolariga qo‘ydi. Shu bilan birga, 16 iyul kuni «Angren shakar» 650 tonna, «Xorazm shakar» esa 350 tonna shakarni savdoga qo‘ydi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 47 ming tonnadan ortiq shakar korxonalar omborlarida saqlanmoqda va mijozlarga mahsulot yetkazib berish davom etmoqda.

«Korxonalar omborlaridagi qolgan mahsulotlar profilaktik tozalash va ta’mirlash ishlari tugaguncha yetarli hajmda savdoga qo‘yiladi, shundan keyin fabrikalar o‘z faoliyatini qayta tiklashni rejalashtirmoqdalar», — deya ta’kidlashdi qo‘mitada.

«Gazeta.uz»ning «Angren shakar» korxonasidagi manbasiga ko‘ra, korxona iyul oyining boshida o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Suhbatdoshning ta’kidlashicha, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga import qilinadigan shakar bilan raqobatlashish qiyin, chunki aprel oyining boshidan boshlab 20 turdagi tovarlar, shu jumladan shakar importiga bojxona to‘lovlari va aksiz solig‘i stavkalari nolga tenglashtirildi, mahalliy korxonalar esa aksiz solig‘ini to‘lashni davom ettirmoqda.

Bundan tashqari, 1 yanvardan boshlab mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan shakar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali haridorlarning barcha toifalari uchun birja savdolariga teng ravishda chiqariladi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha respublikaning chekka hududlarida joylashgan iste’molchilarga chakana savdo tarmoqlarida sotiladigan, ishlab chiqarish hajmining 10 foizidan oshmaydigan miqdori bundan mustasno.

«Sotib oluvchilar birjaga hali o‘rganishmagan va Rossiyadan keltirilgan shakar to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotilmoqda — naqd pul yoki pul o‘tkazmalari orqali to‘lash mumkin. Va biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishimiz mumkin emas, faqat birja orqali sota olamiz. Yil boshidan beri bizning savdoimiz birdan pasayib ketdi. Mahalliy shakar 100−200 so‘m qimmatroq. Bundan tashqari, ishlab chiqarish narxi biz uchun qimmatroq. Biroz vaqt, mart oyining boshidan boshlab biz bozorni ushlab turish uchun o‘zimizga zararga sotayotgan edik», — dedi zavoddagi manba.

«Angren shakar» kuniga 1000 tonna shakar ishlab chiqarish quvvatiga ega, ammo yaqin vaqtgacha ishlab chiqarish hajmi 500−600 tonnani tashkil etgan, hamda savdo bir necha tonnagacha tushdi.