Xorazm viloyatida “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslarining 2,7 mlrd so‘mlik byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Yagona buyurtmachi xizmati uy-joy fondini, turar-joy bo‘lmagan binolar va imoratlarni, muhandislik asbob-uskunalarini, uylarga yondosh hududlarni zarur darajada saqlash va tuzatishni, barcha to‘lovlarni hisob-kitob qilish va yig‘ishni, pudrat tashkilotlari va xizmat ko‘rsatuvchilar bilan hisob-kitob qilishni hamda fuqarolarning yashashi uchun shart-sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan uy-joy fondini boshqarishni amalga oshirishga vakolatli tashkilot hisoblanadi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda kompaniya xodimlari tender savdolarisiz 41 ta holatda kompaniya rahbarining raisligidagi ichki tanlovlar asosida, qurilishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan texnika vositalari, moliyaviy ahvoli, ishchi kuchi va boshqa imkoniyatlari bo‘lmagan pudratchi tashkilotlarga qurilish ob’ektlarni topshirgani aniqlandi.

Haqiqatda bajarilmagan kurilish va ta’mirlash ishlarini xujjatlarda qo‘shib yozish orqali, 2019−2020 yillarda jami 2,7 mlrd so‘m byudjed mablag‘larni o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bosh prokuror Nig‘matulla Yuldashev may oyida Senat yalpi majlisidagi chiqishida 2019 yilda qurilish sohasida 75 mlrd so‘mlik o‘g‘riliklar aniqlanganini ma’lum qilgan edi.